Har ikki muloqot muhokamalarga boy bo‘ldi
10 Nov, 2023 - 12:30
355
Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi
Xizmat safari bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva bilan uchrashdik.
Dastlab, yaqindagina o‘z lavozimiga kirishgan Aida Balayevani yangi vazifa bilan qutladik.
Hamkasbim O‘zbekistonda “Qozog‘iston madaniyati kunlari” yuqori saviyada o‘tkazilgani, teatr va san’at sohasi vakillari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etdi.
Muloqot chog‘ida dastlab, ikki tomonlama madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, madaniy merosni asrashga oid hamkorlik loyihalarida o‘zaro olimlar tajribasini almashishni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek- qozoq madaniy merosini targ‘ib qilish orqali sayyohlar oqimini oshirish, o‘zbek adabiyotini qozoq tiliga tarjima qilish kabi masalalarni muhokama qildik.
Muloqotimiz yakunida muhokama qilingan masalalarni hamkorlikda amalga oshirishga oid “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va shu asosda mavjud hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish taklifini bildirdik.
Navbatdagi uchrashuv Qirg‘iziston Respublikasi Yoshlar siyosati va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri Altinbek Maksutov bilan kechdi.
Muzokara chog‘ida hamkorlikda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan, qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish, joriy yilning dekabr oyida mamlakatimizda Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligini keng nishonlash doirasidagi tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, o‘zaro talabalar almashish kabi masalalarni muhokama qildik. Shuningdek, 2024 yilda O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlarini o‘tkazish, Bobur nomidagi O‘sh Davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri ijodiy safarini tashkil etish borasida ham fikr-mulohaza va takliflar almashdik.
O‘ylaymizki, har ikki uchrashuv chog‘ida muhokama qilingan masalalar Qozog‘iston bilan ham Qirg‘iziston bilan ham o‘rnatilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi madaniy aloqalar o‘rnatishga xizmat qiladi.
Madaniyat vaziri
Ozodbek Nazarbekov