Astronom olim Kopernikning 550 yilligi munosabati bilan adabiy-ma‘rifiy tadbir tashkil etildi
27 Feb, 2023 - 17:10
537
Axborot va matbuot xizmati
Toshkent shahar Planetariysida polyak olimi Nikolay Kopernikning 550 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Ushbu tadbirda Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi, «Svetlitsa Polska» nomli madaniyat markazi vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Qatnashchilar o‘zbek va polyak xalqining astronomiya ilmi rivojiga hissa qo‘shgan olimlari, xususan, Mirzo Ulug‘bek va Nikolay Kopernikning buyuk ilmiy ixtirolari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Qolaversa, astronom olim Kopernikning hayoti va ijodi sahnalashtirildi. Ayniqsa, "Ulug‘bek yulduzlari" eksponati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Unda buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati, astronomiyaga oid kashfiyotlari, ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi, shogirdlari davrasida o‘tkazgan baxtli onlari tasvirlangan.
Tadbirda mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz yodini tiklash, ular yaratgan asarlarni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, polyak diasporasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan marosim osmon ilmini o‘rgangan qomusiy olim Nikolay Kopernikning dunyo ilm-fani rivojidagi o‘rnini keng jamoatchilikka, jumladan, yoshlarga tushuntirishda ayni muddao bo‘ldi.