Yosh xonandalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi
01 Feb, 2023 - 23:27
674
Axborot va matbuot xizmati
Unda Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari B.Ahmedov ham ishtirok etib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda boshqa sohalar qatori madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, uni huquqiy jihatdan yanada takomillashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani, bu esa soha vakillariga yaxshi imkoniyatlar taqdim etayotganini alohida ta`kidlab, bunga javoban shoir-bastakor va xonanda ijodiy uchligining hamkorligini yanada kuchaytirish hamda xalqimiz ko‘nglidan joy oladigan, asl ijod namunalarini yaratishga ko‘proq ahamiyat qaratish lozimligi haqida fikr bildirdi.
Shundan so‘ng, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori D. Sheraliyev so‘zga chiqib, joriy yilning 26-yanvar kuni san'at ahlini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida, “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizomga o‘zgartirish kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29-son qarori qabul qilinganini ma`lum qilib, mazkur qarorning mazmun-mohiyatini yaqindan tushuntirib o‘tdi.
So‘ngra Muassasa rahbari “O‘zbekkonsert” DM tomonidan ham iste’dodli yosh xonandalarning o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun bir qator tanlovlar, ijodiy loyihalar tashkil etilayotganini bildirib, joriy yildan boshlab qo‘shiqlarini sifatli studiyada yozishga imkoni yo‘q ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida professional ovoz yozish studiyasi xizmati yo‘lga qo‘yilganini ham ta`kidladi. Bundan tashqari Muassasa xonandalarga o‘z vakolati doirasida ijodiy tomondan ko‘maklashishga har doim tayyorligini ham ma`lum qildi.
Davra suhbati yakunida ijodkorlar tomonidan bildirilgan san’at sohasi va ustoz-shogird an`analarini yanada rivojlantirishga oid taklif-mulohazalar inobatga olinib, kelgusida bu kabi uchrashuvlarni tizimli ravishda tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olindi.