QO‘G‘IRCHOQ TEATRLARI UCHUN ENG YAXSHI ASARLAR SARALANDI
31 Aug, 2021 - 12:00
1142
QO‘G‘IRCHOQ TEATRLARI UCHUN ENG YAXSHI ASARLAR SARALANDI
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining hukumatimizning sohaga oid qarorlari ijrosi yuzasidan hamda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan Tarixiy, zamonaviy dramatik, musiqali drama va qo‘g‘irchoq pyesalari tanlovi o‘z yakuniga yetdi.
Mazkur tanlovni o‘tkazishdan maqsad, Respublikamizda faoliyat yuritayotgan professional teatr sanʼatini rivojlantirib, yangi bosqichga ko‘tarish, teatrlar repertuarini boyitib borish uchun har jihatdan mukammal sahna asarlari bazasini shakllantirish, mamlakatimizda ijod qilayotgan dramaturg, yozuvchi va shoirlarni sohaga keng jalb qilish, yosh qalamkashlarning ijod mahsullarini yuzaga chiqarish hamda rag‘batlantirib borishdan iboratdir.
Tanlovga taqdim etilgan 50 dan oshiq sahna asarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 2021 yil 15 apreldagi 180-sonli buyrug‘ining 1-ilovasi “Tarixiy, zamonaviy dramatik, musiqali drama va qo‘g‘irchoq pyesalarini tanlovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy baholash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi va baholandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra: Tarixiy yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rin ochiq qoldi. 2-o‘ringa Jo‘ra Mahmudning “Shoh Murod” asari, 3-o‘ringa Zikrilla Neʼmatning “Abdurauf Fitrat yoxud zulmatdan ziyo izlab” asari munosib deb topildi.
Zamonaviy dramatik yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rin ochiq qoldi. 2-o‘ringa Salohiddin Sirojiddinovning “Oqqush qo‘shig‘i” asari, 3-o‘ringa Minajatdin Qutlimuratovning “Halollik vaksinasi” asari munosib deb topildi.
Musiqali drama yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa Sultonmurod Olimning “Ko‘ngil ovi” asari, 2-o‘ringa Umid Rasulovning “Saodat yo‘li” asari,
3-o‘ringa Fotima Mo‘minovaning “Oq daryoga oqqan armonlar” asari munosib deb topildi.
Qo‘g‘irchoq pyesalar yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa To‘ra Qobilovning “Qo‘ng‘irbiy qissasi” pyesasi, 2-o‘ringa Sobir Yodgorovning “Sportchi quyon” pyesasi, 3-o‘ringa Nigina Shoyevaning “Nasriddin afandi” pyesasi munosib deb topildi.
Tanlovda ishtirok etgan 10 dan oshiq asarlar jumladan: Zulfiyabegimning “Fidoiylar”, Marat Asadullayevning “Odam kerak odamga”, Erkin Norsafarning “Bashariyatning so‘ngi kunlari” O‘zbektosh Qilichning “Qishloqdagi sevgilim”, Abdulla Ayizovning “Muallim”, Umid Ikromning “Chilla”, Gulchehra Matyaqubovaning “Oqibat ostonasi” dramalari hamda Erkin Xushvaqtovning “Chirq”, Farid Usmonning “Ona quyosh salomi” va Munojot Ergashevaning “Tojdor maxluq yoxud koronavirus” singari qo‘g‘irchoq pyesalari davlat teatrlarining Badiiy kengashida ko‘rib chiqish uchun tavsiya etildi.