BC va CNNda O‘zbekiston turizm salohiyati targ‘ib qilinadi
27 Jan, 2023 - 09:00
595
Axborot va matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov Britaniyaning “BBC World News Eurasia” korporatsiyasi tijorat xizmati rahbari, “Dars films” bosh prodyuseri Sergey Stanovkin bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi. U, shuningdek, CNN korporatsiyasining Osiyo hamda Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Imron Ahmad bilan ham uchrashdi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda vazirlik BBC bilan birgalikda “BBC World News” korporatsiyasining xalqaro telekanali va uning axborot portalida mamlakatning boy turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida reklama kampaniyasini boshladi. Ta’kidlash joizki, BBC 40 dan ortiq xorijiy tilda uzluksiz translyatsiya qiladi va 23 mingdan ortiq xodimga ega dunyodagi eng yirik yangiliklar teleradiokompaniyasi hisoblanadi. Qayd etish joizki, korporatsiyaning suratga olish guruhi O‘zbekistonda bo‘lib, sayyohlik shaharlari, landshaftlari, gastronomiyasi, o‘zbek xalqining hunarmandchiligi va an’analari haqida maxsus videoroliklar tayyorladi hamda keyinchalik telekanal orqali namoyish qilindi va “www.bbc.com” saytida chop etildi. Bundan tashqari, ushbu saytda O‘zbekiston haqidagi maqola o‘rin olgan bo‘lib, unda jurnalistlar O‘zbekistonning rang-barang madaniy-tarixiy merosi, jahon tarixi, ilm-fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek kabi xalq qahramonlari haqida yozadilar. Qolaversa, o‘zbek milliy taomlari, O‘zbekistonning qadimiy va zamonaviy shaharlarining boy me’morchiligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, “bbc.com” saytining sayohat va madaniyat sohalaridagi bo‘limlarida O‘zbekiston haqidagi reklama bannerlari joylashtirilgan. Har bir mahsulotda O‘zbekiston milliy turizm brendi aks etgan.
Uchrashuv davomida S.Stanovkin O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar tufayli mamlakatimizning hayratlanarli sayyohlik maskani sifatidagi jozibali imiji mustahkamlanayotgani, shaharlarning madaniy-tarixiy, me’moriy va gastronomik rang-barangligi ommalashayotganini alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, BBC bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, 2023-yilda qo‘shma PR kampaniyasini davom ettirish, Britaniya radioeshittirish korporatsiyasining axborot platformalarida O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy tarixi, madaniyati va an’analarini targ‘ib qilish bo‘yicha loyiha va tadbirlarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Shu o‘rinda CNN korporatsiyasining Osiyo hamda Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Imron Ahmad bilan uchrashuv ham samarali o‘tganini ta’kidlash joiz. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish bo‘yicha reklama kampaniyasini amalga oshirish bo‘yicha telekanal bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida mazkur loyiha xalqaro telekanal va uning veb-saytida xorijiy tillarda O‘zbekiston haqida maxsus videorolik hamda materiallar namoyish qilishni ko‘zda tutadi hamda Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo mamlakatlarini qamrab oladi.
I.Ahmad yurtimiz bo‘ylab sayohatlar, mavjud boy turizm salohiyati haqida o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi. Qolaversa, CNN telekanalining O‘zbekiston davlat va xususiy sektorlari bilan hamkorligi, shuningdek, korporatsiyaning mavjud platformalari orqali xorijiy mamlakatlarni targ‘ib qilish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha CNN telekanali bilan qoʻshma uzoq muddatli PR kampaniyasini amalga oshirish, shuningdek, korporatsiyaning axborot platformalarida Oʻzbekistonning turizm salohiyati, boy tarixi, madaniyati va anʼanalarini targʻib qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.