Yangi yil tabrigi
31 Dec, 2022 - 23:56
981
Axborot va matbuot xizmati
Yangi yil tabrigi
Aziz vatandoshlar!
Madaniyat va turizm vazirligining ahil jamoasi insonga yorqin orzular, porloq umid va ishonch baxsh etadigan, qalblarni ezgulikka, quvonchga, poklikka to‘ldiradigan, cheksiz baxt-saodat ulashadigan mo‘jizaviy ayyom — Yangi yil bayrami bilan barchangizni samimiy qutlaydi!
Yangilanayotgan O‘zbekistonda - mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish, hayotimizning barcha sohalarini tubdan isloh etish, xalqimiz manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ongu qalbi, ma'naviyati, madaniyati yuksak insonni tarbiyalashga qaratilgan ulug‘vor ishlarda bizning ham hissamiz borligidan bag‘oyat mamnunmiz.
Keyingi yillarda madaniyat va san'at, turizm sohasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda bugungi kunda ushbu sohalarni yanada rivojlantirish borasidagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, yanada taraqqiy ettirishning istiqbolli yo‘nalishlari ro‘yobini ta'minlash, mamlakatimizning yangi imijini shakllantirish, badiiy-estetik didi yuksak avlodni tarbiyalash, ularning qalbida ijodkorlik, bunyodkorlik, ezgulik tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, berilgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va bekamu ko‘st ta'minlash orqali mamlakatimizning eng chekka qishlog‘u ovullarigacha kirib borilmoqda. Pirovardida markazlardan olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga ham madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasi oshirilmoqda. Respublikaning barcha joylarida teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilyapti. Sohada iste'dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, ta'lim muassasalarini milliy cholg‘ular, musiqa darsliklari, notalar to‘plamlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta'minlashning yaxlit tizimi yaratildi.
O‘zbekistonning dunyoga ochilgani, ko‘plab mamlakatlar fuqarolariga vizasiz rejim joriy etilgani, xorijliklarning mamlakatimizga kelib-ketishi soddalashtirilgani, keng qulayliklar hozirlangani sayyohlik tarmog‘ini zamonaviy asoslarda ravnaq toptirishga shart-sharoitlar yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining sohalar taraqqiyotiga qaratilgan e'tibori tufayli hududlarda Xalqaro maqom san'ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san'ati festivali, Xalqaro hunarmandchilik festivali an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Besh muhim tashabbus doirasida bolalar musiqa va san'at maktablari zamon andozalari asosida ta'mirlanmoqda, musiqa asbob-uskunalari bilan ta'minlanyapti. Ularda turli to‘garaklar ochilyapti. Bularning barchasi asrlar osha ajdodlardan-avlodlarga o‘tib kelayotgan noyob san'at namunalarini yanada chuqurroq o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni, bebaho madaniy merosini jahonga keng targ‘ib etish, ayniqsa, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Yurtboshimiz tomonidan madaniyat va san'atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma'naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15-aprel sanasining “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san'at xodimlari kuni” deb e'lon qilinishi ham qalbimizni g‘ururga to‘ldiradigan muhim voqelikdir.
Olib borayotgan ishlarimizda xalqimizning, Prezidentimizning qat'iy ishonchini, qaynoq mehr-muhabbatini har lahzada his qilib turamiz va bu bizga ko‘tarinki ruh beradi, yanada oldinga intilishga, yangi marralar sari dadil qadam tashlashga katta kuch bag‘ishlaydi.
Ayni shukuhli damlarda Yaratgandan barchangizga mustahkam sog‘liq-salomatlik, xayrli ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rayman! G‘ayratu shijoatingiz hech qachon so‘nmasin! Yangi yil har bir oilaga yaxshilik va farovonlik, baxt va quvonch keltirsin! Uylarimizda, muborak zaminimizda tinchlik va osoyishtalik hukm sursin, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Yangi yil barchangizga muborak bo‘lsin!
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri.