Ezgu amallar bardavom bo‘lsin
23 Dec, 2022 - 17:52
615
Axborot va matbuot xizmati
“Moʻjizalar vaqti” xayriya yarmarkasining ochilishida qatnashdik. Ko‘ngillilar guruhi tomonidan anʼanaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur tadbir imkoniyati cheklangan yoki og‘ir turmush sharoitida yashayotgan isteʼdodli o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va yangi ijodiy parvozlar sari ruhlantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston turli nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilib, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlaydigan muhim ko‘prikka, yangi tashabbus va g‘oyalar ilgari suriladigan o‘ziga xos markazga aylanib boryapti. Xususan, joriy yilda bir qancha sammitlar, anjumanlar tashkil etildi.
Yaqinda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumini ko‘tarinki ruhda o‘tkazdik. Ushbu Forum tomonlarning o‘zaro hamkorlikka bo‘lgan qatʼiy ishonch va intilishini yana bir karra yaqqol namoyon etdi. “Moʻjizalar vaqti” xayriya yarmarkasi ham shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldiradi, degan umiddamiz.
Tadbirda yurtimiz vakillari bilan birga, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya va Tojikiston davlatlari delegatsiyalari ham qatnashayotgani uning nufuzini yaqqol ifodalaydi.
Yarmarka doirasida imkoniyati cheklangan bolalarni kasbga yo‘naltirish, ijtimoiy masʼuliyat tamoyillari asosida nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash, muammolarini yaqindan o‘rganish kabi masalalarga eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada bugun imzolangan Hamkorlik memorandumi ham muhim o‘rin tutadi.
Umuman aytganda, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida har bir insonga eʼtibor va mehr ko‘rsatilmoqda. 2023 yilga mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilishi O‘zbekistonda davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlash turishini yana bir karra tasdiqladi. Demakki, kelgusi yilda bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi.
Fursatdan foydalanib, yarmarka tufayli shijoati, kichkinagina yuragi ila ulkan ishlarni bajarishga qodir bo‘lgan yoshlar bilan uchrashish imkoniyati yaratilgani uchun yarmarka tashkilotchilariga alohida minnatdorlik bildiraman.
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri