“Eng yaxshi kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

17 Dec, 2022 - 16:20
600
“Eng yaxshi kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

Axborot va matbuot xizmati

Inson o‘z ichki tuyg‘ularini so‘z bilan to‘liq yetkazib berishi qiyin, ammo o‘qigan kitoblari tilida talqin qilishi, o‘ylashi hamda kitob dunyosi bilan yashash o‘zgacha. 

Mamlakatimizda fuqarolarning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish, har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish maqsadida kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Kitob mutolaasi inson fikrlashi va nutq imkoniyatlarini oshirishi ilmiy jihatdan ham o‘z isbotini topganligi bor haqiqat. Kitobga oshno inson ko‘p jihatdan boshqalardan farq qiladi

Bunday shaxslar zukko fikrlaydigan, muammolar yechimini qisqa fursatlarda topa oladigan, xushfeʼl bo‘lishi oddiy hayotda ham o‘z aksini topgan.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘zlari qiziqqan sohaga yo‘naltirishda kitobning o‘rni beqiyos

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi hamkorligida “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining taqdirlash marosimi o‘tkazilishi ham bunga misol bo‘la oladi.

Mazkur tanlov ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikka ishtiyog‘ini oshirib, ularga o‘ziga xos motivatsiya bera oldi.

Tanlovda jami 13 viloyatdan 150 ishtirokchi qatnashib, ularning 11 nafari Respublika bosqichiga yetib keldi.

Respublika bosqichida kuchlilar orasidan 3 nafar g‘olib saralandi:

1-o‘rin Hoshimova Osiyo Xikmatillo qizi (Toshkent viloyati) 20 million so‘m pul mukofoti, Madaniyat vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari hamda tanlov statuetkasi;

2-o‘rin Qurbonboyev Saidali Zoir o‘g‘li (Xorazm viloyati) 15 million pul mukofoti, Madaniyat vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari hamda tanlov statuetkasi;

3-o‘rin Islomov Sherbek Mahmud o‘g‘li (Samarqand viloyati) million pul mukofoti, Madaniyat vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari hamda tanlov statuetkasi topshirildi.

Qolaversa, Respublika bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilarga Madaniyat vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash