“Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

16 Nov, 2022 - 18:52
745
“Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

Axborot va matbuot xizmati

                                                         Ikki qardosh elning madaniyat bayrami
 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari barcha ustuvor sohalarda jadal rivojlanmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, oliy va yuqori darajadagi tashriflarning muntazamlik kasb etib, ular doirasida qator kelishuvlarga erishilayotgani muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. 
Azaldan bir daryodan suv ichib, ahil-inoq, hamjihat boʻlib yashab kelgan, anʼana va qadriyatlari oʻxshash ikki elning doʻstlik rishtalari yanada mustahkamlanishida madaniy-maʼrifiy aloqalar alohida oʻrin tutmoqda. Xususan, turli konsert va festivallar, koʻrgazmalar tashkil etilyotgani, madaniyat va kino kunlari oʻtkazilayotgani, yurtimizda turkman milliy madaniyat markazlari faoliyat olib borayotgani bunga yorqin misoldir.
Shuningdek, 2018-yilda Toshkent shahrining markaziy koʻchalaridan biriga turkman xalqining buyuk farzandi, mutafakkir shoir, turkman adabiyotining yorqin namoyondasi Maxtumquli nomi berilib, soʻlim xiyobon barpo etildi, shoir siymosi aks etgan barelyef oʻrnatildi. 
Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Turkmanlar” mahallasida joylashgan qadimiy “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Toshkent shahrida “Ashxobod” bogʻi, Ashxobod shahrida esa “Toshkent” bogʻi barpo etildi. Hamkorligimizning amaliy ifodalariga oid bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. 
Turkmanistonning Dashoguz shahrida tashkil etilgan “Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivali chin qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu oʻziga xos doʻstlik bayrami munosabati bilan Dashoguz shahri koʻchalari ikki xalq qardoshligini aks ettiruvchi bannerlar bilan bezatilgan. Turkmaniston ommaviy axborot vositalarida hamkorligimizga oid turli koʻrsatuvlar, maqolalar eʼlon qilib borilmoqda.     
16-noyabr kuni Dashoguz shahridagi “Turkman oq uyi” sanʼat saroyida festivalning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivali ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov oʻqib eshittirdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning “Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivali ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamuradov oʻqib eshittirdi.
Tadbir qatnashchilari ikki davlat rahbarlarining tabrigini olqishlar bilan kutib olishdi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston madaniyat va sanʼat ustalarining hamkorlikdagi konsert dasturi namoyish etildi. Unda oʻzbek va turkman kuy-qoʻshiqlari yangradi, ikki xalqning buyuk mutafakkir shoirlari – Alisher Navoiy va Maxtumquli sheʼrlaridan namunalar oʻqilib, milliy raqslar ijro qilindi.
Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlariga chuqur hurmat va ehtirom bildirgan holda, ushbu doʻstlik festivalini yuksak darajada tashkil etishda koʻrsatgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklari uchun minnatdorliklarini izhor etishdi.
“Oʻzbek va turkman xalqlari doʻstligi” festivali doirasida “Turkman oq uyi” sanʼat saroyi binosida ikki xalq hunarmandlarining koʻrgazmasi ham namoyish etildi. Doʻstlik bayrami ishtirokchilari ularni tomosha qilib, ikki qardosh elning oʻziga xos hunarmandchilik maktablari haqida maʼlumotga ega  boʻlishdi.
Shu kuni Dashoguz shahridagi Nurmuhammad Andalib nomidagi musiqali teatrda Xorazm viloyati musiqali drama teatri tomonidan Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” asari asosida sahnalashtirilgan “Qays” spektakli namoyish etildi. Oʻzbekiston ijodkorlarining ijrosi tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Festival dasturi keng qamrovli boʻlib, uning doirasida Oʻzbekiston va Turkmaniston shoir hamda yozuvchilari, kino sohasi vakillarining uchrashuvi, filmlar namoyishi ham rejalashtirilgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash