Ezgu va mushtarak maqsadlar yo‘lida muhim qarorlar qabul qilindi

07 Nov, 2022 - 17:57
706
Ezgu va mushtarak maqsadlar yo‘lida muhim qarorlar qabul qilindi

Axborot va matbuot xizmati

TURKSOY xalqaro tashkiloti hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning taklifiga binoan, 2022-yilda “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingan Bursa shahrida tashkillashtirilgan madaniyat vazirlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdik va hamkasblarimiz bilan xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qildik. 

Shu o‘rinda aytish joizki, turkiy xalqlarning ma’naviy qadriyatlari va tarixiy-madaniy merosini xalqaro darajada saqlash, o‘rganish, tadqiq etish va ommalashtirishda TURKSOY alohida o‘rin tutadi. Tashkilot tomonidan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilayotgani, turkiy xalqlar adabiy merosiga aylangan badiiy asarlarning turli tillarga tarjima qilib borilayotgani xalqlarimizni jipslashtirish va bir-biriga yanada kengroq tanitishga xizmat qilmoqda. Yaqin kunlarda qadimiy Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti esa do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga katta zamin yaratishi, shubhasiz.  

Bursada kechgan muloqotimiz doirasida 2023-yilni Turkiy dunyoda buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy yili deb e’lon qilish, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Gofur G‘ulom tavalludlari munosabati bilan ko‘plab tadbirlar otkazish belgilandi. 

Bundan tashqari, yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan TURKSOY tashkilotininig 30 yilligi munosabati bilan turk dunyosi madhiyasini yaratish, tashkilotning maxsus ko‘krak nishonini joriy etish, turkiy davlatlardan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarni turli talqin va yondashuvlar bo‘yicha emas, balki TURKSOY doirasida o‘zaro kelishgan holda yagona obraz asosida tag‘ib etish kabi madaniyat va san’at rivojiga xizmat qiladigan qator takliflar ilgari surildi va ishtirokchilar tomonidan ma’qullandi.

Umid qilamizki, qabul qilingan barcha qarorlar nafaqat soha rivojiga, balki qardosh xalqlar madaniyat vakillarining birgalikdagi ezgu sa’y-harakatlariga yangi sur’at va shijoat bag‘ishlaydi.

Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash