SOʼNGGI BESH YILLIK — YANGI DАVR, YANGI IMKONIYATLАR TUHFА ETDI!

20 Aug, 2021 - 12:00
728
SOʼNGGI BESH YILLIK — YANGI DАVR, YANGI IMKONIYATLАR TUHFА ETDI!

Prezident tomonidan "Yangi O`zbekiston" gazetasiga berilgan intervyu bo`yicha Xalqaro Press klubda muloqot

“Oʼzbekiston 24” telekanalining “Xalqaro press klub”ida Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʼzbekiston” gazetasiga bergan intervyusi yuzasidan boʼlib oʼtgan muloqotda ishtirok etdik. Аytish mumkinki, mazkur intervyudan har bir kishi oʼziga kerakli xulosani chiqarib oldi. 

Men bu intervyuda samimiyat, kamtarlik va oʼz xalqiga yaxshilik istayotgan davlat rahbarining yana bir qiyofasini — shu xalqning fidoyi, jonkuyar bir oʼgʼlonini koʼrdim, tasavvur qildim.

Maʼlumki, barchamiz mamlakatimiz tarixidagi soʼnggi besh yillikda misli koʼrilmagan islohotlar amalga oshirilganligining guvohi boʼldik. 

Xususan, Toshkent shahrida doimiy roʼyxatda turishdagi ayrim toʼsiqlarning olib tashlanganligi barcha sohalar singari madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar, ayniqsa sanʼatkorlar uchun koʼplab imkoniyatlar yaratdi. Jumladan, bu Madaniyat vazirligiga qilingan yuzlab murojaatlar, muammolarga ham yechim boʼla oldi.

Bundan tashqari, uzoq masofadan poytaxtga qatnab, oʼqish, ishlash ham sanʼat va madaniyat ahli uchun juda katta mashaqqat edi. Sohada mehnat qilayotgan xodimlar uchun 17 ta xizmat uylari, 40 nafariga imtiyozli shartlar asosida shaxsiy xonadonlar berilishi, 300 nafardan ortiq xodimlarning Toshkent shahriga doimiy roʼyxatga olinishi bu boradagi muammolarni ham bartaraf etishga zamin yaratdi. 
Qolaversa, 15 aprel sanasining mamlakatimizda “Oʼzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” sifatida belgilangani ham soha xodimlarining qadri hamda maqomini yuksaltirishdagi yana bir muhim qadam boʼldi. 

Darvoqe, bugungi ustuvor siyosat, islohotlar xalqimiz uchun yot boʼlgan qandaydir dastur emas, balki asriy orzulari, yuz yillar mobaynida amalga oshirilmay kelinayotgan va bu yoʼlda qanchadan-qancha qurbonlar berilgan yoʼldir. Yurtboshimiz oʼz intervyusida shu xususda toʼxtalib, kelajakni isloh qilish mexanizmida tarixiy xulosalarga tayanish lozimligini alohida taʼkidlagan. 

Shu bilan birga, intervyuda keltirib oʼtilgan maqom, baxshichilik sanʼati kabi qadimiy sanʼat turlarini asrab qolish va uni xalqaro miqyosda targʼib qilish haqidagi barcha fikrlar bu borada toʼgʼri yoʼlda ekanligimizni koʼrsatadi. 

Bugun nafaqat Oʼzbekistonda tadbiq qilishga muhtoj, balki, butun dunyoda tanazzulga yuz tutib borayotgan maqom sanʼatini rivojlantirish borasida prezidentimiz tashabbusi bilan “Xalqaro maqom sanʼati anjumani”ning oʼtkazilishi ham milliy sanʼatimizning eng katta yutugʼi boʼldi. 

Xulosa oʼrnida aytadigan boʼlsak, davlatimiz rahbari mazkur intervyusi orqali olib borilayotgan islohotlarda har bir tizim rahbarining vazifasi, pozitsiyasi qayerda ekanligini aniq koʼrsatib berdi. 

Shuningdek, mazkur intervyuda kelajak uchun olib borilayotgan siyosat va tashabbuslar zamirida xalq manfaati, farovonligi, ijtimoiy-siyosiy himoyasi, xotin-qizlar, yoshlarning jamiyatdagi oʼrnini mustahkamlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish kabi maqsadlar mujassamligi yana bir bor oʼz isbotini topdi. 

Bir soʼz bilan aytganda, mazkur intervyuda prezidentimizning yagona maqsadi - Yangi Oʼzbekistonni tinch va farovon imkoniyatlar mamlakatiga aylantirish ekanligi ochiq bayon etilgan.

                                                                                                                                                                                Ozodbek Nazarbekov

                                                                                                                                                                                Madaniyat vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash