SHHTGA А`ZO DАVLАTLАR MАDАNIYAT VАZIRLАRINING ONLАYN UCHRАSHUVI

19 Aug, 2021 - 11:32
759
SHHTGA А`ZO DАVLАTLАR MАDАNIYAT VАZIRLАRINING ONLАYN UCHRАSHUVI

Onlayn konferensiya

Bugun Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Madaniyat vazirlarining 18-yigʼilishi videokonferensiya shaklida boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov onlayn ishtirok etdi. 


Shuningdek, mazkur videokonferensiyada Hindiston Madaniyat vaziri Аrjun Ram Megxval, Qozogʼiston Madaniyat va sport vaziri Аktoti Raimkulova, Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining oʼrinbosari Chjan Syuy, Qirgʼiziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Kayrat Imanaliev, Pokiston Islom Respublikasi milliy meros va madaniyat vaziri Shafkat Maxmud, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining oʼrinbosari Olga Yarilova, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Zulfiya Davlatzoda hamda ShHT bosh kotibi Vladimir Norov ishtirok etdi.

Mazkur muloqot davomida kun tartibidagi bir necha masala koʼrib chiqildi.

Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida oʼzaro madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari masalalari muhokama etilib, davlatlararo madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega boʼlgan madaniy muhit yaratish lozimligi taʼkidlandi. 

Shuningdek, mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan 2021 yil Tashkilotning 20 yilligi munosabati bilan ShHT “Madaniyat yili” deb eʼlon qilinganligi ishtirokchilar tomonidan maʼqullandi.

Barcha davlat vakillari bu davlatlar va xalqlar oʼrtasidagi madaniy aloqalarning mustahkamlanishiga zamin boʼlishiga ishonch bildirdi.

Bundan tashqari, ShHTga aʼzo davlatlar oʼrtasida madaniy hamkorlik toʼgʼrisidagi bitimni amalga oshirish, xalqaro koʼrgazmalar, ilmiy konferensiyalar, forumlar, festivallar, tanlovlar, madaniyat kunlari kabi tadbirlar doirasida ijodiy jamoalar, milliy ijrochilarni jalb etish lozimligi aytib oʼtildi. Shu bilan birga, tashkilot kotibiyatiga joriy yilning 16-17 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida boʼlib oʼtadigan ShHTga aʼzo davlat Rahbarlari kengashi doirasida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʼyicha imzolanishi koʼzda tutilgan Bitim loyihasi tavsiya qilindi.

Muloqot davomida koʼrilgan masalalar qatorida ShHTga aʼzo davlatlar sanʼat festivallarining gala kontserti toʼgʼrisidagi nizomi imzolandi.

Uchrashuvda soʼz olgan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov oʼz nutqida Oʼzbekiston koʼp qirrali savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi harakatlarni qoʼllab quvvatlashini taʼkidlab, pandemiya davrida tashkilotga aʼzo davlatlar oʼrtasida teatr, muzey, musiqa va kino sohasida hamkorlikda onlayn loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Uchrashuv ishtirokchilarini mamnuniyat bilan 2021yil 14-15 sentyabr kunlari Xiva shahrida boʼlib oʼtadigan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyasi chorrahasida” madaniyat forumiga taklif etdi. 


Uchrashuv yakunida tomonlar yirik madaniy tadbirlarida ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidlab, teatr muzey va kutubxona sohalarida qoʼshma onlayn loyihalarni faol rivojlantirishni davom ettirishga kelishib olishdi.


ShHTga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi uchrashuvini 2022 yilda oʼtkazish toʼgʼrisida kelishib olindi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash