MADANIY ALOQALARIMIZ YANGI BOSQICHGA KO‘TARILADI
17 Jun, 2022 - 19:03
483
Axborot va matbuot xizmati
Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Musa Jamanbayev bilan uchrashdik. Uchrashuvda ikki davlatning madaniyat sohasidagi aloqalarning bugungi holati va ularning istiqbollari haqida fikr almashdik.
Xususan, Qirg‘iz Respublikasi bilan madaniyat sohasidagi aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur aloqalarning yanada rivojlantirish to‘g‘risida takliflar berdik.
Ikki davlat vakillarining xalqaro madaniy tadbirlarda o‘zaro ishtirokini ta’minlash uchun faol hamkorlikni davom ettirish, jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali, Xalqaro baxshi san’ati festivali, Maqom Xalqaro san’at anjumani, Xalqaro hunarmandchilik festivali, teatr festivallari, xalqaro ilmiy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va seminarlarda ishtirok etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, 2022 yilda O‘zbekistonda Qirg‘iz madaniyat kunlarini tashkil etish taklifini bildirdik. Joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yevroosiyo xalqaro teatr san’ati festivali”da Qirg‘iz Respublikasi vakillarining ishtiroki muhimligi takidlandi.
Shu bilan birga, elchi tomonidan yangi o‘quv yilida O‘zbekistondagi madaniyat va san’at oliy ta’lim muassasalarida qirg‘iz vakillari uchun kvotalar ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Bunday tadbirlarning amalga oshirilishida ko‘p asrlar davomida o‘zaro shakllangan do‘stlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkam bo‘lishiga ishonamiz.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda kechdi.
Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri
Madaniyat.uz | Telegram | Facebook | Instagram | YouTube