Sahna ortidagi farishtalar
18 May, 2022 - 22:00
503
Axborot va matbuot xizmati
Sahna ortidagi farishtalar
San’atga umrini baxshida qilish, uning rivojiga hissa qo‘shish insonga eng bebaho boylik – xalq mehrini tuhfa etadi. Madaniyat va san’at sohasida uzoq yillardan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan shunday insonlar borki, ular kasbini chin dildan sevgani uchun ham hech qanday manfaat kutmasdan fidoyilik bilan mehnat qilaveradi. Ularni chin ma’noda sahna ortidagi farishtalar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugun shunday fidoyi insonlardan ikki nafarini – Qashqadaryo viloyati Nishon tumani Talimarjon shahar madaniyat markazi rahbari Murod Hazratqulov va Toshkent shahar Markaziy madaniyat markazi rahbari Zohida Umarovani “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirladik.
O‘rni kelganda aytish joizki, san’at olamiga endigina qadam qo‘yib, 3-4 ta “xit” qo‘shiq yaratdim, deya darrov qandaydir mukofot kutadigan ijodkorlarimizga shu insonlarning kasbiga bo‘lgan muhabbati va sadoqati o‘ziga xos ibrat bo‘la oladi. To‘g‘ri, bugun mehnat qilgan har bir inson, har bir ijodkor e’tirof etiladigan, qadrlanadigan davrda yashayapmiz. Davlatimiz hech kimni e’tiborsiz qoldirayotgani yo‘q. Lekin mana shu e’tibor mas’uliyatini yurakdan his etib, xalqimizga, Vatanimizga fidoyilik bilan xizmat qilsak, soha rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishga intilsak, bu sa’y-harakatlar, albatta, qadrini topib boraveradi.
Shuningdek, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirishda fidokorona mehnat qilgan, o‘zining ko‘p yillik samarali faoliyati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan ushbu ikki soha vakili yubiley yoshlarini nishonlayotgani bilan ham samimiy muborakbod etamiz!
Hamisha xalqimiz ardog‘ida bo‘lib yuring!
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri