Fidoyi mehnatning yuksak eʼtirofi
10 May, 2022 - 14:34
507
Axborot va matbuot xizmati
Prezidentimizning 2022-yil 5-martdagi Farmoniga muvofiq, o‘zining samarali mehnati, boy amaliy tajribasi bilan yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlar jarayonida faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga katta hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarimizdan bir guruhi davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan edi.
Xususan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Raʼno Shodiyeva I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangandi.
Bugun Madaniyat vazirligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova mukofotni Prezident nomidan o‘z egasiga tantanali ravishda topshirdi.
Raʼno Shodiyeva mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida aholiga, jumladan, xotin-qizlarga ko‘rsatayotgan yuksak g‘amxo‘rligi uchun Yurtboshimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda so‘z olgan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va boshqalar yurtimizda har bir inson davlatimiz eʼtiborida ekanini, fidokorona mehnatning bunday yuksak eʼtirofi ijodkor zimmasiga katta masʼuliyat yuklashini, uni yangidan-yangi marralar sari ruhlantirishini taʼkidladilar.