Mohi Ramazon muborak bo‘lsin!
02 Apr, 2022 - 05:02
560
Axborot va matbuot xizmati
Mohi Ramazon muborak bo‘lsin!
Mana, ko‘z ochib yumguncha umrimizning yana bir bahori o‘tib, rahmat, mag‘firat va barokat, mehr-oqibat, muruvvat va ezgulik oyi bo‘lgan muborak Ramazonga ham yetib keldik. Buning uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz. Bu oy butun musulmon olami uchun ulug‘ bayram bo‘lib, insonparvarlik, sabr-qanoat, xayr-saxovat va tarbiya pallasi hisoblanadi. Aslida xalqimiz azaldan hamjihatlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi tushunchalarni yuksak qadrlab kelgan. Ayni mana shu go‘zal fazilatlar muqaddas Ramazon oyida muhtojlarga yordam ko‘rsatish, bemorlar, yolg‘iz keksalarlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish kabi savobli amallar orqali yanada kengroq qamrov kasb etadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Shu bois ham biz uchun muborak Ramazonning ahamiyati nihoyatda yuksak.
Alloh taoloning marhamati yog‘iladigan ushbu barokatli oyda ro‘zadorlarimiz, butun xalqimiz duoga qo‘l ochib, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishini niyat qilishadi. Farzandlari, nabiralariga bugungi farovon kunlar qadri, ahamiyati, inson nafs tarbiyasi orqali ham ruhan, ham jismonan toblanishi haqida so‘zlab berishadi. Yaqinlar, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, do‘stlar iftorlik uchun bir dasturxon atrofida yig‘ilib, samimiy suhbatlar qurishadi. Bu orqali o‘zaro mehr-oqibat kuchayadi, qadriyatlar yanada mustahkamlanadi, arazlashib qolganlar yarashadi, gina-kuduratlar unutiladi. Qisqasi, o‘ziga xos va ajoyib muhit namoyon bo‘ladi bu oyda.
Bularning hammasi muqaddas Ramazonning fayzu tarovatidan, barokatidan, mo‘min-musulmonlarga savob ishlarni qilish uchun yo‘llar osonlashtirib qo‘yilganidandir.
Fursatdan foydalanib, barchangizni mohi Ramazon bilan muborakbod etaman!
Ushbu saodatli kunlarlarda qilayotgan toat-ibodatlaringiz, duolaringiz ijobat bo‘lishini so‘rab, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlaringizga fayz-baraka, o‘zingizga sihat-salomatlik tilayman!
Hurmat va ehtirom bilan,
Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri