SOʼNGGI BESH YILLIK: sohada koʼplab imkoniyatlar yaratdi
22 Oct, 2021 - 17:50
875
Saylov-2021
Soʼnggi besh yillikda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichga koʼtarilgani hech birimizga sir emas. Mazkur keng koʼlamli islohotlar doirasida Oʼzbekistonning koʼp yillik tarixini tiklash, unutilib ketayotgan milliy anʼana va qadriyatlarimizni yosh avlodga aslicha yetkazish maqsadida, Oʼzbek milliy maqom sanʼati, Respublika Baxshichilik sanʼati markazlari, Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʼarmasi, Yunus Rajabiy nomidagi Oʼzbek milliy musiqa instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi. Bundan tashqari, faoliyati milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat koʼrsatishga qaratilgan Oʼzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʼzbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi va Mukarrama Turgʼunboeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Eng quvonarlisi, Oʼzbek milliy maqom sanʼati markazi huzurida Margʼilon shahar musiqali maqom teatri hamda Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” tashkil etildi.
Shuningdek, “Sharq musiqasi atamalarining qisqacha izohli lugʼati” nashrga tayyorlanib, “Maqom asoslari” qoʼlyozmasi, “Xorazm maqomlari”, “Buxoro shashmaqomi”, “Oʼzbek maqomlari” kitoblari oʼzbek, rus va ingliz tillarida, “Maqom asoslari”, “Bastakorlar ijodi” nomli oʼquv qoʼllanmalari hamda Komiljon Otaniyozov hayoti va ijodiga bagʼishlangan 3 ta kitob nashr etildi.
Eng muhimi, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan alohida eʼtibor qaratilgan, xalqona ijro yoʼnalishlaridan biri boʼlgan baxshichilik sanʼatini keng targʼib etish maqsadida har ikki yilda bir marta oʼtkaziladigan “Xalqaro baxshichilik sanʼati” festivalining tashkil etilishi bu sanʼatni targʼib etish va dunyo hamjamiyatiga namoyish etishda zamin yaratmoqda.
Bir soʼz bilan aytganda, madaniyat va sanʼat sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, tadbiq etilishga muhtoj boʼlib turgan ikki sanʼat yoʼnalishi — maqom va baxshichilikni rivojlantirish, keng targʼib etish va dunyo hamjamiyatiga namoyish etish borasida amalga oshirilgan ishlar, halqaro hamkorliklarning samarali yoʼlga qoʼyilganligi, taʼlim sohasidagi innovatsiyalarning amaliyotga tadbiq etilishi va qator amaliy islohotlar Oʼzbekistonning madaniy diplomatiyasi toʼliq shakllanganidan dalolat, desak aslo mubolagʼa boʼlmaydi.
Soʼnggi besh yillik islohotlari bizga ham ichki ham dunyo miqyosidagi katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun erishayotgan yutuqlarimizni butun jahon eʼtirof etayotganligi, biz bilan har jabhada hamkorlikka tayyor ekanligi buning yaqqol misolidir.
Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri