Bugunning yoshlari talabchan, bu esa...
06 Dec, 2023 - 18:19
262
Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi
Bugun R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi jamoasi va o‘quvchilari bilan uchrashdik.
Muloqot chog‘ida o‘quvchilarimiz tomonidan tayyorlangan konsert dasturini tinglash asnosida tug‘ilgan fikrlar, tanbehu, tavsiyalarni yuzma-yuz ijodiy suhbat davomida ularga bildirdik.
Aytish kerakki, ustozlarimiz bizga bilim olish bilan birga eng muhim qoidalarni – sahnani hurmat qilish, yurakdan his qilib kuylash, hattoki, tanlayotgan she’ringizning har bir so‘ziga e’tiborli bo‘lib, kerak bo‘lsa har bir harfni to‘g‘ri talaffuz qilishni uqtirishardi.
Tabiiyki, bugun zamon o‘zgargani bilan san’at sohasini tanlagan yoshlarga qo‘yiladigan ana shu talablar o‘zgarmagan.
Yosh iqtidor egalari bilan muloqotimiz chog‘ida ayni shular xususida ham to‘xtaldik.
Shuningdek, dunyoning turli nuqtalarida bo‘lib o‘tgan “Nashe pokoleniye”, “Delfi o‘yinlari”, “Astana Merey”,"Jumeirah Sounds" kabi xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etib qaytgan 28 nafar o‘quvchiga vazirlikning tashakkurnomalarini topshirdik.
Shu bilan birga, ushbu ilm maskanida samarali faoliyat yuritib, o‘quvchilarning muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shib kelayotgan Shavkatjon Usmanov, Baxtiyor Abdurahmonov, Umidjon Azizov, Nigora Dadaboyeva singari ustozlarga ham o‘z minnatdorligimizni bildirdik.
Bugun zamon boshqa, talablar, ehtiyojlar o‘zgaryapti. Zamon bolasi juda intiluvchan va talabchan ekanligi ham bor gap. Bu esa bizga zimmamizga doimo o‘qib-o‘rganishimiz, milliyligimiz, qadriyatlarimizga sodiq, davr bilan tillasha oladigan avlod tarbiyasidagi mas’uliyatimizni eslatib turadi.
Madaniyat vaziri
Ozodbek Nazarbekov