O‘zbekiston – Turkmaniston: do‘stlik, ahillik va qardoshlik tarannumi
31 Oct, 2023 - 15:58
284
Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi
O‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda. Ikki mamlakat yetakchilarining o‘zaro ishonch va mustahkam siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari mutlaqo yangi bosqichda jadal rivojlanmoqda.
Ayniqsa, qardosh xalqlarimiz o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalar yil sayin faollashib borayapti, turli konsert va festivallar, ko‘rgazmalar tashkil etilib, madaniyat va kino kunlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yurtimizda turkman milliy madaniyat markazlari faoliyat olib bormoqda.
Ushbu an’ana izchil davom etmoqda. Xususan, o‘tgan yili Turkmanistonda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan edi. Uning mantiqiy davomi o‘laroq, ayni kunlarda yurtimizda “Turkmaniston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tmoqda. Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida shu munosabat bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov hamda Turkmaniston madaniyat vaziri o‘rinbosari Nursaxet Shirimov so‘zga chiqib, ikki qardosh xalqning o‘zaro aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng ikki davlat madaniyat va san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish qilindi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar, ijro etilgan raqslar tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi foyesida turkman madaniyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan ko‘rgazma ham kelganlarda katta taassurot qoldirdi.