“Turkmaniston madaniyat kunlari” tadbiri o‘tkazildi
01 Nov, 2023 - 10:51
509
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Xabar berib o‘tganimizdek, yurtimizda joriy yil 28 oktyabr – 1 noyabr kunlari Turkmaniston Respublikasi madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida Buxoroda Turkman gilamlari tarixi milliy ko‘rgazmasi va Gilam markazining ochilish marosimi kabi tadbirlar o‘rin olgan.
Bugun, 31 oktyabr kuni asosiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, kunning birinchi yarmida “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida Turkman gilamining dovrug‘iga bag‘ishlangan “Jannat go‘zalligi — turkman gilami” deb nomlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida “SD TURMEN HALY” turkman gilamlari milliy muzeyi va gilam markazining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Turkmaniston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari, O‘zbek-Turkman madaniy markazlari vakillari, gilamdo‘z hunarmandlar, keng jamoatchilik vakillari, do‘stlik jamiyatlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Buxoro shahri “Istiqlol” MFY T.Farog‘iy ko‘chasida tashkil etilgan markazning ochilish marosimida ramziy lenta qirqilib, turkman gilamlari milliy muzeyi va gilam markazi faoliyatiga start berildi. Mehmonlar dastlab, muzey faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu yerda turkman gilamchiligi tarixiga oid ko‘plab eksponatlar, turli rang va jozibadagi gilam turlari, gilamchilik faoliyatiga aloqador qo‘llanmalar o‘rin olgan. Shuningdek, turkman madaniyatidan so‘zlovchi bir qancha manbaalar ham mavjud. Mazkur maskan Buxoroga tashrif buyuradigan sayyohlar uchun ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng gilam to‘qish markazidagi faoliyat bilan ham tanishildi.
Hozirgi vaqtda 70 ga yaqin xotin-qiz faoliyat olib borayotgan markazda to‘qish ishlari boshlab yuborilgan. Ishchilarning 50 nafarga yaqini “Istiqlol” MFYdagi ishsiz xotin-qizlar hisoblanadi. “SD TURMEN HALY” hamda “Ishga marhamat” monomarkazi bilan tuzilgan shartnomaga asosan 3 oy muddatda ustoz-shogirt an’anasi asosida gilam to‘qish sirlari o‘rgatiladi. Ma’lumot berilishicha, turkman millatiga mansub qizlar oila qurayotganida to‘y sepiga qo‘shib beriladigan kichik hajmdagi gilamlarga ayniqsa talab katta. Markazda bunday qadimiy hunar sirlarini hozirgi yosh avlodga o‘rgatish, “ustoz-shogird” an’analarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yaqin kelajakda qo‘shimcha asbob-uskunalar xarid qilish evaziga ishchilar sonini 200 nafargacha yetkazish maqsad qilingan.
Shu kuni madaniy tadbir ham tashkil qilindi. Unda o‘zbek-turkman do‘stligi, bir-biriga yaqin madaniyati turli sahna ko‘rinishlari, milliy musiqa va raqslar orqali tarannum qilindi. Shuningdek, milliy va zamoonaviylikni o‘zida mujassam etgan modalar nomoyishi ham ko‘pchilikni e’tirofiga sazovor bo‘ldi.