Dolzarb masalalar muhokama qilindi
09 Oct, 2023 - 20:50
443
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Madaniyat vazirligida vazir o‘rinbosarlari Murodjon Madjidov hamda Yusufjon Usmonov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik tizimida 2023 – 2024-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning borishi, Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda tizim tashkilotlarida audit va korrupsiyaga qarshi o‘tkazilgan tadbirlar davomida aniqlangan kamchilik va muammolar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati tegishli tarkibiy bo‘linmalari, tizim tashkilotlari rahbarlari, videokonferensaloqa orqali hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani qayd etilib, bu borada belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz va sifatli ta’minlash zarurligi alohida ta’kidlandi. Ayni shu talabdan kelib chiqib, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi. 2023 – 2024-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish kechiktirib bo‘lmas masala ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, audit va korrupsiyaga qarshi o‘tkazilgan tadbirlar davomida aniqlangan kamchilik va muammolar tahlil qilinib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi shartligi aytib o‘tildi.
Muhokamalar yakunida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.