Yosh tomoshabinlar uchun qiziqarli spektakl
06 Oct, 2023 - 17:04
454
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Bugun Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Zolushka” spektaklini progon repetitsiya jarayonlari boʻlib oʻtdi.
“Shahzoda billur oyoq kiyim sohibasi boʻlmish goʻzal Zolushkani sevib qoladi va uni axtarib topadi!” Mahoratli rus yozuvchisi Yevgeniy Shvarsning jahonga mashhur “Zolushka” spektakli teatr sahnasida yanada yorqin va qiziqarli talqinda jonlandi.
Postanovkachi rejissyor Malika Iskandarova, rassom Yevgeniya Biserova, musiqa tanlovchi Bahodir Zokirov. Spektaklda Ulugʻbek Rustamov, Xudoyorxon Ahmadxonov, Asal Ahrorxoʻjayeva, Shavkat Isroilov, Shohida Usmonova kabi aktyorlar oʻziga xos rollar ijro etgan.
“Zolushka”ning koʻp talqinlari bor, lekin sahna asari jonli ravishda tomoshabin uchun oʻynaladi va har ijroda zaldagi tomoshabin bilan muloqotga kirishiladi. Agar tomoshabin boʻlmasa teatr yashamaydi. “Zolushka” repertuarimizdagi eng yaxshi spektakllardan biri, uni oʻzbek va rus yosh tomoshabinlari juda iliq kutib olishadi. Men shu spektakl ustida har ishlaganimda yangidan ilhom va quvvat olaman”, deydi rejissyor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Malika Iskandarova.
Spektakl repertuarda bor va belgilangan vaqtda namoyish etiladi. Sof muhabbat, doʻstlik, ezgulik kabi bunyodkor gʻoyalarni oʻzida mujassamlashtirgan sahna asari hali uzoq yillar oʻz tomoshabinlarini teatrga chorlab qoladi.