Yoshlarning xohish va istaklari amalga oshirildi
22 Sep, 2023 - 14:10
423
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
“Mahalladan vazirlikkacha” loyihasi bo‘yicha madaniyat vaziriga 40 nafar, vazir o‘rinbosarlariga 30 nafardan, jami 130 nafar 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan qizil toifaga kiritilgan yoshlar biriktirilgan.
Mazkur yoshlar bilan uchrashuvlar davomida har biri bilan alohida suhbatlar o‘tkazilib, muammolari va qiziqishlari o‘rganildi. Ana shu muammolarni bartaraf etish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, 80 nafardan ortiq yoshlarning turli muammolari yozib olinib, vazir va vazir o‘rinbosarlarining shaxsiy “yo‘l xarita”lariga kiritildi. Shu asosda amaliy ishlarga kirishildi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidovga biriktirilgan, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani "Haqiqat" MFYda istiqomat qiluvchi, bobosining qaramog‘ida qolgan opa-singillar Go‘zal va Dildora Abdumutalovalarga o‘zlarining so‘roviga muvofiq kitoblar jamlanmasi va noutbuk sovg‘a qilindi.
Bobur Ibragimov va Sherzod Madumarovning so‘roviga asosan mehnat faoliyatida foydalanish uchun motokultivatorlar, Sherzod Dalaboyevga motoroller va Umidjon Almatovga noutbuk topshirildi.
Yoshlar davlatimizning bunday e'tibor va g‘amxo‘rligidan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.