“Nigoh” ijodiy seminari g'oliblari mukofotlandi
10 Sep, 2023 - 15:54
742
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi tomonidan Zarkent ijod uyida soha mutaxassisslarining “Nigoh” ijodiy seminari o‘tkazildi.
Ijodiy anjumanda teatr va kino sohasida faol ijod qilib kelayotgan dramaturg, rejissyor va rassomlar ishtirok etishdi. Seminar davomida ijodkorlar tanlangan mavzular doirasida sahna asari hamda kino mahsulot ustida o‘zaro ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldilar.
– Eng muhimi, mamlakatimizda keyingi paytda barcha sohalar qatori madaniyat va san'at rivojiga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda, – dedi O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov seminarning sarhisob jarayonida. – Ijod erkinligi, sog‘lom ijodiy raqobat, xususiy mulk daxlsizligi kabi demokratik tamoyillar ushbu sohaga ham dadil joriy etilmoqda. Bu o‘zgarishlar asosida ta'limga ham yangiliklar olib kirishimiz kerak, deb bilaman.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirojiddin Sayyid esa hozirgi kun ijodkori dunyoqarashida, fitratida keskin burilishlar, yangiliklar bejiz yuz bermayotgani, yaratib berilayotgan imkoniyatlar va o‘zaro ishonch ruhi yosh ijodkorlarga o‘zgacha ilhom berayotgani haqida so‘z yuritdi.
– Uchinchi Uyg‘onish debochasida dolzarb mavzudagi ijodiy asarlarni sahnaga va ekranga olib chiqish har bir insondan juda katta mas'uliyatni talab qiladi, – dedi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Ijod ahli, ayniqsa, yoshlar jahon tajribasini o‘zlashtirib, milliy qadriyat va an'analarimizga uyg‘un bo‘lgan g‘oyalar asosidagi filьmlar va spektakllarni dunyo sahnasiga olib chiqishlari zarur deb bilamiz. Bu yo‘lda davlatimiz rahbarining sohaga oid qabul qilayotgan qaror va farmonlari ijodkorlarni ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan ruhlantirib borayotgani quvonarlidir.
Seminar davomida yaratilgan sahna asari va kino mahsulot tajribali soha mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi va saralab olindi. Dramaturg, rejissyor va rassom hamkorligida yaratilgan 5 ta p’yesa va 5 ta kinosenariy belgilangan tartibda moddiy rag‘batlantirildi. Shuningdek, ijodiy ishlar ekspert guruhi tomonidan jamoalarning ishlari 3 kun davomida kuzatildi.
Yosh ijodkorlarning “Nigoh” ijodiy seminari doirasida ikki yo‘nalish bo‘yicha – teatr va kino san'ati sho‘'balariga bo‘lingan holda yangi fil’m va spektakllar taqdimoti o’tkazlidi.
Ijodkorlar uch birlik hamkorligida dolzarb mavzudagi ijodiy loyihalarini tajribali ustozlar, ya’ni badiiy kengash oldida himoya qilib, kamchiliklarini bartaraf etish ustida ish olib bordilar.
Qizg‘in bahs munozalarga boy bo‘lgan muhokama jarayonlari asnosida g’olib ijodkorlar e’tirof etildi.
Teatr san'ati yo‘nalishi bo‘yicha dramaturg Uchqun Usarov, rejissyor Doston Haqberdiyev hamda rassom Jaloliddin Raximovlarning shifokorlarning faoliyatiga bag‘ishlangan “Nurli yo‘l” musiqali dramasi g‘olib deb topildi.
Shuningdek, dramaturg Abbos Xurramov hamda rejissyor Umid Nurmatovlarning pedagoglar faoliyatiga bag‘ishlangan “Hechdan ko‘ra kech” dramasi ham Badiiy kengash tomonidan eng sara asarlar safidan joy oldi.
Kino san'ati yo‘nalishi bo‘yicha Senarist Sardor Hamroyev hamda rejissyor Samidxon Lutfullayevlarning “Bahodir” nomli to‘liq metrajli badiiy fil’mi hamda senarist Zulfiya Qurolboy qizi, rejissyor Shoxrux Murodov hamda operator Samijon Sunnatillayevlarning “Kelin” nomli to‘liq metrajli badiiy fil’mi ijodkorlari g‘olib deb topildi.
Qo‘g‘irchoq yo‘nalishi bo‘yicha dramaturglar Mansur Ro‘ziyev va Dostonbek Rahmatullayevlarning “Orzular g‘alabasi”, Munira Qilichevaning “Ozodlik oltindan qimmat” ijodiy loyihalari ijodiy seminarning eng yaxshi asarlari deya e'tirof etildi.