“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun spektakllar namoyishi yo‘lga qo‘yildi
18 Aug, 2023 - 10:18
683
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Jizzax viloyati musiqali darama teatri viloyat Oila va xotin-qizlar bo‘limi, IIB, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, madaniy hordiq tashkil etish maqsadida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun 16-avgustdan 30-avgustga qadar spektakllar namoyishini yo‘lga qo‘ydi.
Shu maqsadda 16-17-avgust kunlari Turob To‘la qalamiga mansub “Nodirabegim” nomli dramatik asar asosida Jizzax viloyat musiqali drama teatri bosh rejissyori Shohrux Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg To‘rob To‘laning “Nodirabegim” nomli asari XVIII asarning oxiri va XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan o‘zbek klassik adabiyotining yetuk nomoyondalaridan biri bo‘lgan Nodirabegimning murakkab hayotiga bag‘ishlangan.
Asarda asosan Nodirabegimning turmush o‘rtog‘i Qo‘qon xoni Amir Umarxonning saroydagi ziddiyatlar bois qatl qilinganidan so‘ng uning o‘rniga taxtga o‘tirgan 14 yoshli o‘g‘li Muhammad Alixonning xonlik davri voqealari xususida so‘z boradi.
O‘g‘li yosh bo‘lganligi bois Nodirabegim mamlakatni boshqarishda o‘g‘li Muhammad Alixonning yonida turadi. O‘z xalqini ozod va baxtiyor yashashini doimo orzu qilib yashagan shoira aynan mana shu davrda, ya’ni 1822-yildan to 1842-yilga qadar yurt obodligi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshiradi. Saroydagi azaliy ziddiyatlarga qaramay adabiyotning yuksalishi yo‘lida, davlatchilikning ijtimoiy va iqtisodiy ravnaq toptirish yo‘lida qanchalik murakkab bo‘lmasin bir muncha muvaffaqiyalar qozonadi.
— Nodirabegim shoira bo‘lish bilan birgalikda, avvalo ona. Shuningdek, o‘zbek davlatchiligi boshqaruvida davlat arbobi sifatida gavdalanadi. Tomoshabinning oilaga, vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini yanada jumbushga keltiradi, deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduraim Lapasov. — Bu spektaklda men Hojidarg‘a obrazini gavdalantirdim. Hojidarg‘a vatanparvar, adolatli inson siymosida gavdalanadi. U orqali odamlar vattanni qanday sevish kerakligini anglaydi.
Asarda o‘tmishimizdagi erksizlik tufayli taxt talashlar qurboniga aylangan mazlum xalq va o‘zaro ishonchsizlik, xiyonat va razolatdan jabr ko‘rgan buyuk shoiramizning iztiroblarga to‘la mashaqqatli hayotini tarixiy faktlarga tayanilgan holda badiiy ifoda etilgan.
Asar voqealari 1842-yilda “Qassob amir” nomini olgan Buxoro amiri Amir Nasrulloning Qo‘qonga bostirib kelib Qo‘qon xoni Muhammad Alixon, uning ukasi Sulton Mahmudxon hamda uning o‘g‘li 14 yoshli Muhammad Aminxon, shuningdek, asar bosh qahramoni Nodirabegim(Mohlaroyim)ning fojeali ravishda o‘ldirilishi bilan yakun topadi.
Rollarni teatrning mahoratli aktyorlari Vazira Mirzayeva(Nodirabegim rolida), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jamila Dehqonova(Uvaysiy), Hamroz Mahmudov(Muxammad Alixon(Madalixon)), Sarvar Mustanov, Baxtiyor Eshmatov(Haqquli), Eldor Kengashev(Farrux Mirzo), Toxir Normatov, B.Xolmatov (Amir Nasrullo), Nargiza Mirzayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Raisa Abdullayeva(Kanizak), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jo‘ra Isroilov, Sohib Soliyev(Ado), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduraim Lapasov(Hojidarg‘a), Dilshod Normatov(Hoziq), O‘lmasxo‘ja Ilhomov(Navkar) hamda teatr jamoasi(ommaviy sahnalarda) mahorat bilan ijro etgan.
Shuningdek, xotin-qizlar uchun 30-avgustga qadar tumanlarda teatr aktyorlari tomonidan “To‘ylar muborak” va “Bahodir” spektakllari namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Charos MANNONOVA,
Jizzax viloyat musiqali drama teatri
adabiy bo‘lim mudiri