Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi va qo‘shma konsert bo‘lib o‘tdi
02 Aug, 2023 - 11:08
751
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Avval xabar berganimizdek, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvida amalga oshirilgan kelishuvlar doirasida Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari boshlandi.
1-avgust oqshomida madaniyat kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimni kirish so‘zi bilan ochgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli ushbu tarixiy kun ikki mamlakatlar madaniy aloqalari rivoji uchun yangi sahifa ekanini ta’kidlab, madaniy haftalik ishiga muvaffaqiyat tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarabekov qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p vektorli aloqalar, ayniqsa so‘nggi yillarda yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi. Madaniyat, san’at va adabiyot borasidagi tarixiy yaqinlik ikki xalqning azaldan bir-biriga uyg‘un rivojlanganini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng muhtasham saroyda o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik san’at ustalari ishtirokida qo‘shma konsert bo‘lib o‘tdi.
Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, shuningdek taniqli san’atkorlar Farruh Zokirov, Nasiba Abdullayeva, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov, Ilyos Arabov, Yulduz Turdiyeva, Ozoda Nursaidova, Samandar Alimov va ozarbayjonlik atoqli xonandalar ishtirokidagi jonli konsert dasturi tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.