Britaniyada nashr etiluvchi jahonning birinchi raqamli kundalik “The times” gazetasida O‘zbekiston targ‘ib qilinadi

23 Jul, 2023 - 14:13
1062
Britaniyada nashr etiluvchi jahonning birinchi raqamli kundalik “The times” gazetasida O‘zbekiston targ‘ib qilinadi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan marketingni rivojlantirish, yangi xizmat turlarini joriy qilish va mamlakat imijini xorijda keng targ‘ibot etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda 14–25-iyul kunlari Britaniyaning “The Times” gazetasining sayohat bo‘limi kontent muharriri va yozuvchisi Lyusi Perrinning O‘zbekistonga sayohati uyushtirilmoqda.

Xorijlik jurnalist ayni kunlarda mamlakatimizning turizm salohiyati haqida mediakontentlar tayyorlash maqsadida Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz va gastroturizm, tog‘ turizmi kabi qator yo‘nalishlar rivojlanayotgan hududlar bilan tanishayapti.

Lyusi Perrin xonim tomonidan tayyorlanayotgan materiallar “The Times” gazetasida maqola va suratlar shaklida bosib boriladi. Shuningdek, mediakontentlar “The Times” gazetasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ham e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, Britaniyaning kundalik milliy gazetasi “The Times” 1785-yilda “The Daily Universal Register” nomi bilan chop etila boshlangan, hozirda u nafaqat britaniyaliklar uchun, balki dunyodagi eng mashhur gazetalardan biri sifatida tan olinadi.

“British Business Survey” ma’lumotlariga ko‘ra “The Times” gazetasi biznes yo‘nalishi o‘quvchilari uchun birinchi raqamli kundalik gazeta bo‘lib, “Financial Times” yoki “Daily Telegraph” gazetalariga qaraganda 50 foiz ko‘proq obunachilarni qamrab oladi. “The Times” 2011-yilgi “Press Awards”da Biznes va moliya gazetalari bo‘yicha yilning eng yaxshi jamoasi mukofotini qo‘lga kiritgan.

“The Times” jurnalining o‘rtacha kunlik o‘quvchilari soni 1,04 million kishini tashkil etadi. 2020-yilning mart oyi holatiga ko‘ra “The Times” jurnali oʻrtacha kunlik tiraji 365 880 tani tashkil etgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash