“Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali tuganmas g‘oya va imkoniyatlar maydoniga aylandi
17 Jul, 2023 - 14:00
812
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Xabaringiz bor, joriy yilning 11-15-iyul kunlari Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarni targ‘ib qilish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish maqsadida Farg‘ona viloyatida “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali tashkil etildi.
Mahalliy va xorijdan kelgan yoshlar ishtirok etgan mazkur tadbir iqtidorli yoshlar uchun chinakam imkoniyatlar maydoniga aylandi. Tadbir davomida turli bellashuvlar yoshlarga nimalarga qodir ekanliklarini isbotlash uchun imkoniyat yaratgan bo‘lsa, boshqa tadbirlar xorijiy va mahalliy yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik, birdamlik rishtalarini mustahkamladi.
Mazkur festival xorijlik yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, Turkiy dunyo mamlakatlaridan kelgan yoshlar qurultoy ularga juda ma’qul kelganini, O‘zbekistonga yana bir bor kelish istagida ekanliklarini ta’kidlashdi.
Umuman olganda, “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali iqtidorli yoshlar va turizmni bog‘lovchi bir ko‘prik vazifasini o‘tadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtimizda aynan turizm sohasini rivojlantirish borasida o‘z g‘oyalariga ega bo‘lgan yoshlar ko‘p. Maqsad esa ana shu g‘oyalarni amalga tatbiq etgan holda yoshlar turizmini yanada rivojlantirish, bu sohada kadrlar sonini oshirish. O‘tkazilgan festival ana shu maqsad yo‘lida tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Qo‘qon shahrida joylashgan muhtasham va tarixiy “Xudoyorxon o‘rdasi” majmuasida mazkur festivalning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat va turizm vazirligi mas’ullari, TURKSOY tashkiloti vakillari, Farg‘ona viloyati va Qo‘qon shahri hokimligi rahbariyati hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda TURKSOY tashkiloti rahbarining yoshlarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng, ishtirokchilar uchun sahnalashtirilgan maxsus konsert dasturi taqdim etildi.