“Turkiston avangardi: makon va vaqt oralig‘ida” nomli ko‘rgazma ish boshladi

04 Jul, 2023 - 02:15
522
“Turkiston avangardi: makon va vaqt oralig‘ida” nomli ko‘rgazma ish boshladi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

“O‘zbekiston madaniy merosi – yangi renessans asosi” madaniy tadbirlar haftaligi doirasida “Turkiston avangardi: makon va vaqt oralig‘ida” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. 

Tadbirda Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov ham ishtirok etdi va korgazmaning ochilishi bilan qutladi: 

"Odamzod borki, ajdodlari kimligini, nasl-nasabini, o‘z Vatani tarixini bilishni istaydi.

Va bu tabiiy. Chunki o‘zlikni anglash o‘z o‘tmishini, tarixini bilishdan boshlanadi. Tarixni bilmay turib, kelajakni qurib bo‘lmaydi. Shu ma’noda aytganda, O‘zbekiston nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini dunyo ahli yaxshi biladi va tan oladi.

Bu tabarruk zamindan ulug‘ allomalar, olimu fuzalolar, siyosatchilar, buyuk sarkardalar, yuksak salohiyatli musiqashunos va rassomlar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari ham ayni mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan.

Eramizgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, shu kungacha ko‘rkini, mahobatini yo‘qotmagan osori atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda me’morchilik va shaharsozlik san’ati, dehqonchilik va hunarmandchilik madaniyati yuksak darajada bo‘lganidan dalolat beradi.

O‘tmishni o‘rganishimizda esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Muzeylar ajdodlardan meros qolgan boylikni kelajak avlodlarga yetkazib beradigan muhim maskan, noyob xazinadir. Bu xazina yillar davomida boyib, to‘lib boraveradi. U faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan so‘zlovchi bebaho manbadir.

Men bejiz tarixdan, muzeylardan so‘z ochganim yo‘q. Bugungi ko‘rgazmada aynan mamlakatimiz muzeylarida  saqlanayotgan noyob va nodir san’at asarlarining o‘ziga xos ekspozitsiyasi jamlangan.

O‘ylaymanki, ko‘rgazma bilan tanishib, tariximiz, madaniyatimiz haqida yanada kengroq ma’lumotga ega bo‘lsiz. Istardikki, bu yerga, ayniqsa, yoshlarimiz ko‘proq tashrif buyurishsin. Tarixni bilishsin, ajdodlar merosi haqida chuqurroq ma’lumotga ega bo‘lishsin. Bu juda muhim.

Fursatdan foydalanib, ushbu ko‘rgazmani tashkil etishda mehnati singgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ko‘rgazma ishiga esa muvaffaqiyat tilayman."

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan noyob va nodir san’at asarlarining o‘ziga xos ekspozitsiyasi jamlandi. Eksponatlar I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat san'at muzeyi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyidan keltirildi. 

Ma’lumot uchun: I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi (Nukus) Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik badiiy to‘plam bo‘lib, unda Orolbo‘yi arxeologiyasi bo‘yicha materiallar, Qoraqalpog'iston xalqlarining dekorativ – amaliy san’ati asarlari, shuningdek, Rossiya va O‘zbekistonning 20-asrdagi tasviriy va grafik ishlari to‘plangan.  Muzey tarixi uning asoschisi Igor Vitaliyevich Savitskiyning nomi bilan bog‘liq, u 1950-yillarning boshida taqdirning irodasi bilan Qoraqalpog'istonda bo‘lgan, bu ajoyib hududga muhabbat qo'ygan va keyingi taqdirini u bilan bog‘lagan rassom. 

Do‘stlari yordamida va mahalliy hokimiyat qo‘llab-quvvatlashi tufayli 1966-yilda Nukusda san‘at muzeyi ochilishiga erishdi. Ushbu muzeyning birinchi direktori bo'lganidan so'ng, I.V.Savitskiy 20-asr tasviriy san'at to'plamini tan olinmagan rassomlarning asarlaridan shakllantirdi, keyinchalik bu asarlar rus va Turkiston avangardining mumtoz asarlari deb tan olindi. 

“Turkiston avangardi: makon va vaqt o‘ralig‘ida” ko‘rgazmasida 14 nafar rassomning 86 ta tasviriy san’at asarlari namoyish etilgan, ular orasida Turkiston avangardining ilk vakillari: A.N.Volkov, N.G.Karaxon, U.T.Tansikbayev, N.V.Kashina, A.F.Podkovirov, O.Tatevosyan va boshqalar bor.

Ko‘rgazma muzey asoschisi I. V. Savitskiyning asarlari, shuningdek esa o‘z ijodida Orol dengizi va Amudaryoni madh etgan F.Madgazin va R.Matevosyanning asarlari bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, ko‘rgazmada O’rta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey – O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi kolleksiyalari ham namoyish etilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash