Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi
03 Jul, 2023 - 18:45
525
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
2023-yilning 3-iyul kuni Toshkent shahridagi “International” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari, O‘zbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, taniqli xitoylik sayyohlik blogerlari, "ShaanXi" ommaviy axborot vositalari, ZheJiang televideniyesi, radio va TV Chengdu kabi mashhur Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov va CSC Airlines kompaniyasi vitse-prezidenti Den Venuy kirish so‘zi bilan ochdi.
Ulug‘bek Ahmadovich o‘zining kirish so‘zida Xitoyda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishda forumning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, u oʻz nutqida mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimi va turistik infratuzilma obʼyektlari soni ortib borayotganini taʼkidlab, xitoylik investorlarni Oʻzbekistonning turizm sohasida mavjud investitsiya imkoniyatlarini oʻrganishga chaqirdi.
Forumda “Milliy PR-markaz” direktori Dilfuza Samandarova O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotini taqdim etdi. Taqdimot Xitoy sayyohlik kompaniyalariga respublikamizning turizm istiqbollari haqida ko‘proq ma’lumot olish va O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni vakillari barcha mehmonlar va turizm tashkilotlarini joriy yilning 15-17-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” TITF-2023 Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida ishtirok etishga chaqirdi.
Forum davomida Xitoy turizm sanoatining turli tarmoqlari vakillari, jumladan, Zhejiang Loong Air, sayyohlik agentliklari va turoperatorlari, jumladan, Sichuan yoshlar sayyohlik agentligi, Sian xalqaro turizm kompaniyasi, Shansi Chjungsin Silk Road xalqaro sayyohlik agentligi va boshqalar ham qatnashdi.
O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.
O‘zbekiston-Xitoy sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.