Toshkentda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari boshlandi

18 Jun, 2023 - 22:03
754
Toshkentda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari boshlandi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Joriy yilning 18-19-iyun kunlari Toshkent shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari o‘tkaziladi. Yubiley tantanalarida qatnashish uchun turkiy tilli davlatlardan 150 nafar madaniyat va san’at xodimi hamda nufuzli mehmonlar tashrif buyurdi.

Yubiley konsert dasturlarida 6 ta davlat – Turkiya Respublikasi, Vengriya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Turkmanistondan jami 110 nafar taniqli san’atkor va ijrochilar qatnashadi.

Bugun, 18-iyun kuni,Toshkent shahridagi O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida TURKSOY tashkilotining 30 yillik yubiley tantanalariga bag‘ishlangan “Turk dunyosi” nomli rassomlar va hunarmandlar ko‘rgazmasi, turkiy dunyo xalqlarining milliy oshxonalariga oid gastronomik namoyish tashkil etildi. 

Tadbirda  O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi S.Raev, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi K.Omuraliyev, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri A.Kerimli, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri o‘rinbosari N.Daueshov, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari A.Alparslan, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari K.Imanaliyev, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi bosh kotibi M.Sureyya, “Turk havo yo‘llari” boshqaruvi raisi O.Birdal,  TRT Avaz  direktori S.Sag‘irkayalar ishtirok etdi.

Marosimni Madaniyat va turizm vaziri O.Nazarbekov kirish so‘zi bilan ochib, barchani tashkilotning 30 yillik yubileyi bilan qutladi. Shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi S.Raev yig‘ilganlarni bayram bilan qutlar ekan, mazkur tashkilot rivojida O‘zbekistonning o‘rni alohida ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, mehmonlar “Turk dunyosi” nomli rassomlar va hunarmandlar ko‘rgazmasiga qo‘yilgan asarlar, hunarmandchilik namunalari bilan yaqindan tanishdilar va turkey xalqlarning milliy taomlaridan tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bayram dasturi doirasida ertaga, 19-iyun kuni, TURKSOYga a’zo mamlakatlarning mas'ullarining o‘zaro muloqotlari bo‘lib o‘tadi.

Kunning ikkinchi yarmida, soat 19.00 da “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida TURKSOYga a’zo davlatlar san’atkorlari ishtirokida tashkil etiladigan yubiley konsert dasturi o‘tkaziladi.

Ma'lumot o‘rnida: TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari 2023-yilning 7-9-iyun kunlari Olma-ota, 12-13-iyun kunlari Bishkek shaharlarida o‘tkazilgan bo‘lib, 24-25-iyun kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilishi  hamda joriy yilning oktabr oyida Ozarbayjon va Turkiya Respublikalarida keng nishonlanishi belgilangan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash