O‘zbekiston UNWTO Bosh Assambleyasi Prezidenti va 2 ta Qo‘mita a’zosi etib saylandi

02 Jun, 2023 - 17:51
849
O‘zbekiston UNWTO Bosh Assambleyasi Prezidenti va 2 ta Qo‘mita a’zosi etib saylandi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Shu kunlarda Bolgariyaning Sofiya shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa komissiyasining 68-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sofiya mezbonlik qilayotgan bugungi nufuzli tadbirda tashkilotning qator vakolatli organlari uchun saylovlar o‘tkazilmoqdi. Quvonarlisi, saylovlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 3 ta nominatsiyada g‘olib deb topildi.

Jumladan, xalqaro tashkilot tomonidan O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida prezidentlik qilish vakolati berildi. Ushbu rasmiy vakolat topshirilar ekan, UNWTO rahbariyati va a’zolari tomonidan bugungi kunda UNWTO Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlarini hamda mamlakatda turizmni rivojlantirishda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston keyingi 2023-2027 yillar muddatiga UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda a’zo davlatlar ishtiroki haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati O‘zbekistonga ishonib topshirilganligini bildiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2023 – 2027-yillar davomida UNWTO Afillangan a’zolar qo‘mitasiga saylandi. Mazkur Qo‘mita dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq turizm sohasi xususiy tashkilotlari, ilmiyarlazlar va uyushmalarni o‘z ichiga olganligi, mamlakatimiz uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi. 

Shuningdek, tadbir doirasida ishtirokchilarga “Samarqand - Yangi O‘zbekiston turizm darvozasi” taqdimoti amalga oshirildi. Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 16-20-oktabr kunlari Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash