“O‘zbekiston xalq artisti” Qizlarxon Do‘stmuhammedova vafot etdi
26 May, 2023 - 13:07
429
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
O‘zbek raqs san’ati og‘ir judolikka uchradi. Taniqli raqqosa, o‘zbek raqs san’atida o‘z maktabini yaratgan “O‘zbekiston xalq artisti” Qizlarxon Do‘stmuhammedova 77 yoshida vafot etdi.
Q.Do‘stmuhammedova 1946-yil, 25-oktyabr sanasida Toshkent shahrida tavallud topgan. Dastlab 1965-yilda Toshkent davlat universitetini, 1977-yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi San’at va madaniyat instituti) tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1965-yilda M.Qori-Yoqubov nomidagi O‘zbek Davlat filarmoniyasi balet solisti sifatida boshlagan va 1989-yilga qadar faoliyat olib borgan. Keyinroq “O‘zbekiston” Teatr-studiyasi solisti (1989-1991), Toshkent davlat madaniyat instituti, “Xalq musiqasi” kafedrasi o‘qituvchisi (1991-1995), Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamg‘armasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida (1999-2005) faoliyat yuritgan.
Q.Do‘stmuhamedova lirik raqqosa, raqslari nafis va jozibali harakatlarga boyligi bilan ajralib turadi. “Go‘zal”, “Tong malikasi”, “Go‘zal tong”, “Intizor”, “Buxoro yulduzi”, “Sevgi taronasi”, “Nozli” kabi zamonaviy, shuningdek, “Munojot”, “Tanavor”, “Mo‘g‘ulchai segoh”, “Qorako‘zim”, “Guluzorim”, “Savti miskin” va bilan mumtoz raqslari mashhur.
“Shashmaqom” telefilmida qatnashgan (1972), “Tanavor” raqs ansambli (Sietl, AQSH)da o‘zbek raqslarini sahnalashtirgan. AQSH Liviya, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi mamlakatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan. Do‘stmuhamedova ijodiga bag‘ishlab “Nafosat guldastasi” nomli film ishlangan (1985). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (2000).
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi marhumaning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi!