“DIRIJOR, RЕJISSYOR, BALЕTMЕYSTЕRLAR” KO‘RIK-TANLOVIGA MARHAMAT!

24 May, 2023 - 00:22
988
“DIRIJOR, RЕJISSYOR, BALЕTMЕYSTЕRLAR”  KO‘RIK-TANLOVIGA MARHAMAT!

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash hamda opera va balet san’atini yanada yuksaltirish, yosh dirijor, rejissyor va baletmeytserlarni kashf etish, ularning iste’dodi va qobiliyatini namoyon etish, ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, yosh ijodkorlarni yuksak darajaga ko‘tarish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ijodini keng targ‘ib qilish, opera va balet san’ati  yo‘nalishida ijod qiluvchilarning imkoniyatlarini hamda kasb mahoratini oshirish va ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirish maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi “Dirijor, rejissyor, baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.

Tanlov joriy yilning 17—20-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Unda bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, musiqa va san’at kollejlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalarning ijrochilari ishtirok etishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etishni istagan ijrochilar 2023-yilning 30-may kuniga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim (fayl papkada):

tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

pasport nusxasi;

ijodiy tavsifnoma;

ijro dasturi (dasturda nomer nomi, kompozitor, rejissyor va xoreograflar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);

3x4 sm o‘lchamdagi 2 ta va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta rangli fotosurat (portret va ijodiy obrazda).

Arizalar o‘zbek va rus tillarida qabul qilinadi. Ro‘yxatga olishda ishtirokchilarning qaysi guruhda qatnashishlari, ism-familiyasi to‘liq va aniq yozilishi shart.

Ishtirokchilarning tanlov davomida ijro etish navbati belgilangan tartibda qur’a tashlash orqali aniqlanadi va ushbu tartib tanlov yakuniga qadar saqlab qolinadi.

Ijro etiladigan barcha asarlar nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Tanlov saralash va yakuniy (final) bosqichdan iborat bo‘ladi.

Asarlar yoddan ijro etiladi hamda namoyish etiladi.

Tanlov quyidagi 3 ta yo‘nalish (nominatsiya) bo‘yicha o‘tkaziladi:

dirijorlik;

rejissyorlik;

baletmeysterlik.

Ishtirokchilar ijrolari quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:

professional tayyorgarligi;

repertuar saviyasi;

badiiy did bilan yondashuvi;

sahna madaniyati va artistik mahorati.

Tanlovning saralash va yakuniy bosqichlarida ishtirokchilarning ijro mahorati hakamlar hay’atining har bir a’zosi tomonidan alohida tarzda balli tizimi bo‘yicha baholanadi.

Saralash bosqichida umumiy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning yakuniy (final) bosqichiga o‘tkaziladi.

Tanlovning yakuniy bosqichida asarlar orkestr jo‘rligida ijro etiladi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar teng bo‘lib qolganda, hakamlar hay’ati raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Tanlovda eng ko‘p umumiy ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan, tanlovning har bir yo‘nalishi (nominatsiya) bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rin sovrindorlari aniqlanadi.

Ishtirokchilarni baholashda hakamlar hay’ati mustaqildir.

Tanlov g‘oliblari maxsus diplom, tegishli miqdorda pul mukofotlari hamda  1-o‘rin egalari  (oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilaridan tashqari) mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Tanlovning yakuniy bosqichi ishtirokchilariga “Dirijor, rejissyor, baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovi ishtirokchisi diplomi beriladi.

Tanlov ishtirokchilarining tanlov o‘tkazilishi belgilangan hududga kelib-ketish, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlari o‘z mablag‘lari yoki yuborayotgan tashkilotning mablag‘lari, yoxud jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

Manzil: Toshkent shahri Mirobod tumani Zarafshon ko‘chasi 28-uy.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri.

Tel.: 71 233-56-09, +998 90 992-64-15.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash