Kann kinofestivali: O'zbek kinosi va madaniyatiga qiziquvchilar soni ortmoqda
23 May, 2023 - 04:52
546
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Ayni shu kunlarda butun dunyo kino ixlosmandlarining nigohi Fransiyaning janubiy o‘lkasi Kann shahriga qaratilgan. Yetmish oltinchi bor o‘tkazilyotgan kinofestival yakunlanib bormoqda.
Festival muxlislar uchun yangi filmlardan bahramand bo‘lish, ijodkorlar va kinosanoati uchun foydali bozor vazifasini ham o‘tamoqda. 22-may o‘zbekistonlik kinochilar uchun amaliy natijalarga boy bo‘ldi.
Jumladan, bir nechta kinokompaniyalar bilan kelushuvlar va memorandumlar imzolandi:
-Fransiyaning "Golda Production" kinokompaniyasi My dream Uzbekistan dasturi doirasida taqdim etilgan 7 ta lot bo‘yicha hujjatli film ishlash to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumga Filipp Gozlen va "Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi" DUK direktori Furqat Usmonov imzo chekdi;
-Fransiyalik prodyusser Sebastiyen Sisak va O‘zbekistonda yoshlar turizmi va sport ekstrimi haqida hujjatli film ishlash to'g'risida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi;
-Fransiyaning "Les Mures Sauvages" kinokompaniyasi rahbari, prodyuser Bryuno Merse bilan 7 ta lot doirasida taqdim etilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film yaratish to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi;
-Estoniyaning "Estofilm" kinokompaniyasi bilan O‘zbekistonning ekoturizmi, Sirdaryo va Amudaryo suvlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film yaratish to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi;
-Jazoirning "NunFilm" kinokompaniyasi rahbari, prodyuser va rejissyor Xamid Benamra bilan O‘zbekistondagi ziyorat turizmi haqida so‘zlaydigan hujjatli film yaratish to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi;
-Fransiyaning badiiy va hujjatli kinoga ixtisoslashgan "4tan" kompaniyasi asoschisi va rahbari, prodyuser va rejissyor Jerar Teobald bilan 7 ta lot dasturida keltirilgan etnik turizm mavzusi va ko‘p millatli O‘zbekiston haqida hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Shu to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi;
-Qozog‘iston Milliy san’at universiteti bilan O‘zbekistondagi yoshlar turizmi, etnik turizm hamda ziyorat turizmi haqida bir qator qisqa metrajli hujjatli filmlar yaratish to‘g‘risida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Aytish kerakki, bugungi jahon kino bozori o‘ta raqobatbardosh. Mamlakatga yirik kompaniyalar, prodyusserlar va rejissorlarni jalb qilish murakkab, shu bilan birga, uzoq vaqt va ulkan mehnat talab qiladigan jarayon. Shu bois, bugun amalga oshirilayotgan va yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalarini muntazam rivojlantirib borish muhim ahamiyatga ega. Umid qilamizki, o‘zbek kinomotografiyasi va madaniyatining jahon minbarlarini zabt etish yo‘lidagi harakatlari kelajakda o‘z mevasini beradi.