“Yosh maqom ijrochilari” II respublika tanloviga start berildi
08 Apr, 2023 - 11:10
885
Axborot va matbuot xizmati
Bugun Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” II respublika tanlovining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda mumtoz musiqamizning taniqli vakillari, Hakamlar hay'ati a'zolari, Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 100 dan ortiq tanlov ishtirokchilari, institutimiz professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq artisti, "Maqom" ansambli badiiy rahbari, O‘zMMSI faxriy professori Abduhoshim Ismoilov va O‘zMMSI O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Azizjon Zokirovlar maqom ijrochilik an'anasi, yurtimizda sohaga qaratilayotgan e'tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib, tanlov ishtirokchilariga omad tiladi.
Tadbir davomida badiiy qismida Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” I respublika tanlovi g‘olibi, "Maqom xonandaligi" kafedrasi o‘qituvchisi Abbosjon G‘afforov va O‘zMMSI bitiruvchisi Furqat Omonkeldiyev milliy musiqamizning sara namunalaridan misollar ijro etdi.