​​​​​​​Turkiyaning “Kanal 7” telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati yoritilmoqda

01 Apr, 2023 - 10:27
458
​​​​​​​Turkiyaning “Kanal 7” telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati yoritilmoqda

Axborot va matbuot xizmati

Ramazon oyi munosabati bilan efirga uzatilayotgan “Sahur vakti” (Saharlik vaqti) ko‘rsatuvida yurtimizning ziyorat obyektlari, shuningdek, masjidlari va boshqa qadamjolari haqida ma’lumot berib borilmoqda.

Xususan, Imom Al Buxoriy, Imom Abu Mansur Moturidiy, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Qusam ibn Abbos, Mahmud Koshgariy maqbaralari, Zangi ota ziyoratgohi va boshqa muqaddas maskanlarning tarixiy ahamiyati hamda shu kabi jihatlariga to‘xtalib o‘tilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2022-yilning noyabr oyida Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Turkiyaning “Kanal 7” telekanali ijodiy guruhining Oʻzbekistonning tarixi, yuksak madaniyati va ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishtirish va shu bilan birga, mamlakatimiz xabardorligini Turkiya davlatida keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizga tashrifi tashkil etilgan.

Tashrif davomida professor Mustafa Karatash boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan respublikamizning Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarida mazkur teledasturlarning navbatdagi soni tasvirga olingan.

Tashrif yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, ayni damda “Kanal 7” telekanali tomonidan O‘zbekistonda olingan kadrlar namoyish etilmoqda. Unda Mustafa Karatash dastur mehmonlari hamda teletomoshabinlarni yurtimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirib bormoqda.

Ma’lumot uchun, “Kanal 7” 1994-yil 24-iyulda tashkil etilgan bo‘lib, diniy koʻrsatuvlar, oilaviy seriallar, sayohatlar va oshpazlik dasturlari bilan ajralib turadigan milliy telekanal hisoblanadi.

Mustafo Karatash 1961-yil 20-martida tugʻilgan, Gürün, Sivas) – turkiyalik hadis professoridir. U 1980-yilda Istanbulga kelib, Marmara universitetining ilohiyot fakultetiga oʻqishga kirgan va 1984-yilda tamomlagan. 1989-yilda oʻsha universitetda hadis fanlari boʻyicha magistrlik, 1998-yilda doktorlik dissertatsiyasini tamomlagan. Karatash 2008-yili Istanbul universitetida dotsent, 2013-yili esa hadis kafedrasi professori bo‘ldi.

2004-yildan beri televideniye dasturi bilan shug‘ullanib kelayotgan Mustafo Karatash "Juma Tonglari", "Muhabbet Kapısı", "Sahur vakti" va boshqa besh yuzdan ortiq jonli efirda ishtirok etib kelmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash