27-mart – Xalqaro teatr kuni

27 Mar, 2023 - 17:23
587
27-mart – Xalqaro teatr kuni

Axborot va matbuot xizmati

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Qadrli teatr sanʼati fidoyilari! Siz, azizlarni, sizlar orqali millionlab sanʼat muxlislarini 27-mart – Xalqaro teatr kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Insoniyat azal-azaldan tabiat moʻjizalariga, hayotdagi o‘zgarishlarga munosabat bildirish, buni ijod orqali ifodalashga harakat qilib kelgan. Shu asnoda paydo bo‘lgan teatr sanʼati xalqning turmush tarzi, urf-odat va anʼanalari, orzu intilishlari, bu yo‘lda uchraydigan turli kamchilik hamda nuqsonlarni sahnada namoyish etish orqali odamlarga go‘yo ko‘zgu tutgan. Yaxshidan yomonni, oqdan qorani ajratishni o‘rgatgan. Qalbda go‘zal fazilatlarni tarbiyalab, jamiyatda sog‘lom maʼnaviy muhitni qaror toptirishga xizmat qilgan. Hozir ham shunday. Zero, allomalarimiz bejiz “Teatr – ibratxonadir” deyishmagan.

Eʼtirof etish joizki, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbariyati tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli joylarda yangi teatrlar binolari foydalanishga topshirildi, yangi tarixiy asarlar sahnalashtirildi. Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi qarori asosida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarda teatr sohasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.

Teatrlarga har yili milliy hamda jahon klassik asarlarini sahnalashtirish uchun davlat buyurtmasini berish yo‘lga qo‘yilgani ijodiy jamoalar uchun katta rag‘bat va imkoniyat bo‘ldi. Masalan, o‘tgan yili 41 ta spektaklni sahnalashtirishga davlat buyurtmasi berildi. Anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Teatr tomoshalari haftaligi”da esa aholimizga qulaylik yaratish maqsadida barcha teatrlarimiz spektakllarni bepul namoyish qilmoqda.

Bugungi kunda teatrlar jamoalari chekka hududlargacha kirib borishga intilmoqda. Shuningdek, xorijiy gastrol safarlari soni tobora ortib bormoqda. 28 ta xalqaro gastrolda o‘zbek teatri tomoshalari eʼtirof etilgani ham buning tasdig‘idir.

Albatta, hali qiladigan ishlarimiz va rejalarimiz ko‘p. Biz yaratib berilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanib, teatrlarimiz repertuarini xalqimiz kutgan sahna asarlari bilan yana-da boyitish, bu tabarruk dargohni odamlar yana katta qiziqish va ishtiyoq bilan keladigan, zallari to‘lib-toshadigan maʼnaviyat maskaniga aylantirish uchun bundan-da faol bo‘lishimiz lozim. Ayniqsa, bugun taʼlim-tarbiya masalasi dolzarb o‘ringa ko‘tarilgan bir davrda teatrning ahamiyati har qachongidan ham muhim.

Fursatdan foydalanib, soha fidoyilarini – ustoz sanʼatkorlar, taniqli dramaturg va rejissyorlar, sozanda va bastakorlar, yosh aktyorlar, sahna rassomlari va texnik xodimlar, barcha-barchani yana bir bor bugungi bayram bilan tabriklayman.

Sizlarga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, ijodingizga barkamollik tilayman.

Yuksak hurmat va ehtirom bilan,

Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat va turizm vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash