Hamkorlikning yangi bosqichi sari yana bir qadam
25 Mar, 2023 - 10:58
566
Axborot va matbuot xizmati
Turkman xalqi bilan azaldan ahil qo‘shni, bir daryodan suv ichib yashab kelayotgan qardosh xalqlarmiz. Ota-bobolarimiz ilm o‘rganish, savdo-sotiq va boshqa sohalarda bordi-keldi qilishib, bir-birining madaniyatini boyitgan.
Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga asos bo‘lib, hozirga qadar izchil davom etib kelmoqda. Bugungi Turkmaniston delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv bunga yana bir misol.
Turkman delegatsiyasi bilan bo‘lgan muloqotni Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Durdona Rahimova hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimovlar bilan birga o‘tkazdik.
Muloqot davomida madaniyat, sanʼat, turizm, fan, taʼlim va sport sohalarida ikki tomonlama hamkorlik holati, mavjud aloqalarni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildik.
Shuningdek, har ikki davlatda o‘tkaziladigan festival, ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida o‘zaro ishtirokni taʼminlash, paritet asosida turli tadbirlar o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr- mulohazalar almashdik.
Har ikki tomon muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Ishonchim komil, bugungi uchrashuv mavjud hamkorlik va do‘stona aloqalarni yana-da mustahkamlab, yangilarini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat va turizm vaziri