“Yosh vokal ijrochilari” respublika ko‘rik - tanlovi o‘tkazildi
03 Mar, 2023 - 17:34
736
Axborot va matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 27-dekabrdagi PQ-64-son qarori ijrosini ta’minlash hamda opera san’atini yanada yuksaltirish, mohir ijrochilarni kashf etish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish hamda ularning ijodini keng targ‘ib qilish, opera san’ati ijrochiligining ijro imkoniyatlarini oshirish va ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirish maqsadida joriy yilning 25-fevral – 1-mart kunlari “Yosh vokal ijrochilari” Respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda bolalar va san’at maktablari o‘qituvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, musiqa va san’at kollejlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalarning ijrochilari (1-guruh 16-22 yosh, 2-guruh 22-32 yosh) ishtirok etdi.
Tanlovning saralash va yakuniy bosqichlarida ishtirokchilarning ijro mahorati hakamlar hay’atining har bir a’zosi tomonidan alohida tarzda ballik tizimi bo‘yicha baholandi.
Tanlovda eng ko‘p umumiy ball to‘plagan ishtirokchilar orasidan hakamlar hay’ati qaroriga asosan tanlovning Gran-pri, 1, 2, 3-o‘rin sovrindorlari aniqlandi va maxsus diplom hamda tegishli miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, tanlovning Gran-pri va 1-o‘rin g‘oliblari (oliy ta’lim muassasalari talabalari va o‘qituvchilaridan tashqari) mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat qabul kvotasiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.