Toshkentda “Hotel Business Forum-2023” bo‘lib o‘tmoqda

03 Mar, 2023 - 10:00
446
Toshkentda “Hotel Business Forum-2023” bo‘lib o‘tmoqda

Axborot va matbuot xizmati

“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Hotel Business Forum-2023” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
2-mart kuni Forumning birinchi kuni bo‘lib o‘tdi. Forumni madaniyat va turizm vaziri O.Nazabekov kirish so'zi bilan ochib berdi.

“Mehmonxona biznesi forumi barcha turizm sanoati ishtirokchilarini birlashtirish maqsadida mamlakatimizda xizmat koʻrsatishni rivojlantirish va takomillashtirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikning xalqaro standartlari va normalarini joriy etish maqsadida oʻtkazib kelinadi, – dedi vazir. – Shu sababdan mehmonxona industriyasini rivojlantirishning asosiy “lokomotivi” sifatida IT sohasi, ekologiya, xizmatlarni raqamlashtirish, taʼlim va kadrlar masalalarida hamkorlikni mustahkamlash bugungi tadbirning asosiy maqsadidir”. 

Mazkur forum “Mehmondoʻstlik tendensiyalari: xizmat koʻrsatish sohasida hamkorlikdan IT yechimlarigacha. O‘zbekistondagi mehmonxonalar. Loyihalar va binolar” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda Shveytsariya Konfederatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Rahel Boesch, Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi o‘rinbosari Elis Volken, xalqaro ekspertlar, mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, marketologlar, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar, global brendlar vakillari ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Otelyerlar Assotsiatsiyasi tomonidan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Radisson”, “Hilton”, “Accor”, “Marriott”, “Wyndham” kabi dunyoga mashhur xalqaro mehmonxonalar tarmoqlarining mintaqaviy yetakchilari ham qatnashmoqda.

Qayd etish joizki, forumning birinchi kunida qator sessiyalar o‘tkazildi. Mutaxassislar “Mehmondo‘stlikda yashil ko‘nikmalar”, “Mehmondoʻstlik sohasi sektorini rivojlantirishda yashil iqtisodiyot: Oʻzbekistonda mehmonxonalarni loyihalash va qurishdagi tajriba va muammolar”, “Yashil texnologiyalarga sarmoya kiritish: nima uchun barqaror turizm tor tendensiyadan global hodisaga oʻtadi?”, “Oʻzbekistonning turizm sohasidagi investitsion jozibadorligi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat tomonidan koʻmaklashish”, “Toʻgʻridan-toʻgʻri sotish – Oʻzbekiston mehmonxona biznesidagi yangi tendensiya”, “Mehmonxona biznesida xizmatlarni avtomatlashtirish: amaliy tajriba” va boshqa shu kabi dolzarb mavzularda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Bundan tashqari, tadbirda mehmonxona xizmatlarining yetakchi provayderlari bo‘lgan “HoReCa” segmenti uchun to‘liq mahsulot va xizmatlarni taqdim etuvchi Interaktiv B2B ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma mebel, interyer buyumlari, professional to‘qimachilik, kiyim-kechak, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish va boshqa sohalarni qamrab oldi.

Bugun, forumning ikkinchi kuni o‘z ishini boshladi. Unda muhim mavzularni qamrab oladigan sessiyalar, muhokamalar va II Milliy mehmondo‘stlik mukofotini topshirish marosimi o‘rin olgan.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash