Toshkentda “Mercure Tashkent” mehmonxonasi o‘z faoliyatini boshladi

02 Mar, 2023 - 15:08
451
Toshkentda “Mercure Tashkent” mehmonxonasi o‘z faoliyatini boshladi

Axborot va matbuot xizmati

1-mart kuni Toshkentda "Mercure Tashkent" mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Ulugʻbek A'zamov kirish soʻzi bilan ochib berdi va bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasi rivoji hamda xorijiy brend mehmonxonalar tarmoqlarining Oʻzbekistonga kirib kelishining roli haqida soʻz yuritdi. 

Ochilish marosimida, shuningdek, Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushez, "Accor New East Europe" bosh direktori Aleksis Delaroff, "Mercure Tashkent" mehmonxonasi bosh menejeri Farhod Toshtemirov, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

"Accor New East Europe" bosh direktori Aleksis Delaroff "Mercure Tashkent" Accor brendining O‘zbekistondagi dastlabki mehmonxonalaridan biri ekanligini ta'kidladi. 

"Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda taniqli xalqaro brendlar ostida yangi mehmonxonalar ochilishi mamlakatning sayyohlik jozibadorligini oshiradi, uning ichki va xalqaro sayyohlik bozorlarida raqobatbardoshligini mustahkamlaydi", – dedi u.

Ta'kidlash joizki, “Mercure” 60 mamlakatda 810 dan ortiq mehmonxonalarga ega. Brend 110 ta mamlakatda 10 000 ta restoran va bar, 5300 dan ortiq mehmonxonalari bo‘lgan dunyodagi yetakchi mehmonxonalar guruhi — “Accor” tarkibiga kiradi. 

Tadbirga tashrif buyurganlar mehmonxonaning xonalari, restoranlari, sog‘lomlashtirish markazi va boshqa qulayliklari bilan yaqindan tanishtirildi.

Ma'lumot uchun, "Mercure Tashkent" mehmonxonasi 126 ta xonaga ega. Shuningdek, turk va Yevropa restoranlari, sport zali, suzish havzasi, fito-bar va boshqa xizmat ko‘rsatish turlarini o‘z ichiga olgan. Qolaversa, mehmonxonada 20 – 100 kishini sig‘dira oladigan va turli uchrashuv hamda tadbirlarga mo‘ljallangan konferensiya zallari mavjud.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash