O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik muzeyi ochildi

01 Mar, 2023 - 18:21
546
O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik muzeyi ochildi

Axborot va matbuot xizmati

Poytaxtimizdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga amaliy tashrifi arafasida tashkil etilgani alohida ma’no-mazmunga ega. Unda Madaniyat va turizm vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, muzeylar vakillari, tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Marosimda so‘z olganlar ta’kidlaganidek, o‘zbek va ozar xalqlarining o‘zaro aloqalari chuqur tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Ikki qardosh elning tili, urf-odat va an’analari bir-biriga o‘xshash. Mana shunday do‘stlik rishtalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning sa’y-harakatlari bilan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ozarbayjonda o‘zbek adabiyotining mumtoz vakili, shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy ijodiga katta qiziqish va hurmat bilan qaraladi. Boku shahrida buyuk o‘zbek mutafakkirining haykali o‘rnatilgan. O‘z navbatida, O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy va ozar adabiyotining boshqa mumtoz vakillari ijodining ixlosmandlari ko‘p.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumani va boshqa tadbirlarda Ozarbayjon vakillari, shuningdek, mazkur davlatda tashkil qilinadigan mug‘om san’ati bo‘yicha festival va boshqa anjumanlarda o‘zbek san’atkorlarining ishtirok etishi an’anaga aylangani o‘zaro madaniy aloqalar mustahkamligidan dalolat beradi. Sayyohlik yo‘nalishida ham o‘zaro bordi-keldilar muntazamlik kasb etmoqda.

O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik muzeyida ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni aks ettiruvchi suratlar, davlatlar ramzlari, qadimiy va zamonaviy inshootlar maketlari, madaniy meros namunalari, liboslar, cholg‘u asboblari o‘rin olgan.

Marosim doirasida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Feruza Abdurahimova rahbarligidagi “So‘g‘diyona” o‘zbek davlat xalq cholg‘ulari kamer orkestri tomonidan ikki xalq do‘stligiga bag‘ishlangan konsert dasturi namoyish etildi.    

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash