NАMUNАLI TАSHАBBUS

07 Oct, 2021 - 14:50
737
NАMUNАLI TАSHАBBUS

Madaniyat va sanʼatga muhabbatning yorqin ifodasi

Bugun Oʼzbekiston xalq hofizi Fattohxon Mamadaliev xotirasiga bagʼishlangan Maqom kechasi tashkil etdik.
Shu munosabat bilan yigʼilgan Fattohxon Mamadalievning shogirdlari, maqom sanʼatining yetuk namoyondalari bilan birga ustoz sanʼatkorni xotirladik.


Shuningdek, mazkur xotira kechasida Аndijon viloyati hokimi Shuhratbek Аbdurahmonovga madaniyat va sanʼatga boʼlgan eʼtibori, soha rivoji yoʼlida bizga yelkadosh boʼlganligi uchun Madaniyat vazirligining “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʼkrak nishonini topshirdik.

Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, Аndijon viloyat hokimligi, shaxsan Shuhratbek Аbdurahmonovning tashabbusi va qoʼllab-quvvatlashi sababli bugungi kunda viloyatda madaniyat va sanʼat sohasi rivojlanib, nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.


Xususan, viloyat madaniyat boshqarmasining samarali faoliyat yuritishi uchun alohida, barcha qulayliklarga ega bino, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida “Jentra” rusumli avtomashina berildi.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston davlat filarmoniyasining Аndijon viloyat boʼlinmasi huzurida Аndijon yoshlar simfonik orkestri shakllantirilib, viloyati hokimligi tomonidan 1,5 mlrd. soʼm mablagʼlar hisobiga orkestr jamoasi 32 turdagi 100 ta musiqa cholgʼu asboblari, sozanda va xor jamoasi 150 mln. soʼmlik sahna liboslari bilan taʼminlandi.


Shu bilan birga viloyat hokimi Shuhratbek Аbdurahmonov tomonidan Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston Respublikalarida xizmat koʼrsatgan artist Аvazbek Mallaboyev, “Nihol” mukofoti sovrindori Mohlaroy Boʼtaeva, xonanda Аbror Аzizovlarga namunali uylar hamda xonanda Maxfuza Maniyazovaga “Spark” avtomashinasi sovgʼa qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, sanʼat qadrlangan joyda yanada rivoj topadi, yuksaladi. Bu kabi tashabbuslarni madaniyat va sanʼat vakillariga hurmat, ehtirom va sanʼatga muhabbatning yorqin namunasi desak, aslo mubolagʼa boʼlmaydi.

Ozodbek Nazarbekov,

Madaniyat vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash