O‘zbekistonda III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali o‘tkaziladi

22 Feb, 2023 - 22:45
592
O‘zbekistonda III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali o‘tkaziladi

Axborot va matbuot xizmati

Joriy yilning 22–28-fevral kunlari O‘zbekistonning bir qancha hududlarida, xususan, Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida “III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali” bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliya va AQSh kabi davlatlardan o‘z sohasining mutaxassislari ishtirok etadi. Xususan, 18 ta davlatdan 100 dan ortiq jahonga mashhur olimlar, din ulamolari, fan va jamoat arboblari hamda turizm soha vakillari ishtikor etadi.

Festival davomida bir qator qadamjolar ziyorat qilinadi. Xususan, festival ishtirokchilari Samarqanddagi “Imom Buxoriy" majmuasi va "Imom Buxoriy" xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurishadi.

Bundan tashqari, Samarqandda “Imom al-Moturidiy” qadamjosi hamda "Registon" majmuasini ham ziyorat qilish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, tadbir doirasida “Shohi Zinda” va “Xo’ja Ahror Valiy” ziyoratgohlari, “Go‘ri Amir” majmuasi, “Ruxabod” masjidi, “Bibixonim” masjidi va “Siyob” bozoriga ham tashrif buyuriladi.

Ta’kidlash joizki, Buxoroda festival davomida “Labi hovuz”, “Mir Arab” madrasasi, “Ark” majmuasi, “Bolo hovuz”, “Sayfiddin Boxarziy”, “Xoja Hafz Kabir” qadamjolari, “Bahouddin Naqshband” majmuasi va boshqa maskanlar ham ziyorat qilinadi. Qolaversa, Bahouddin Naqshbandning ilmiy merosiga bag‘ishlab “Naqshbandiya o‘gitlari” konferensiyasi tashkil etiladi.

O‘z navbatida Toshkentda "Hazrati Imom" majmuasi, Islom sivilizatsiya markazi hamda boshqa qadamjolarga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, bu kabi tadbirlar yurtimizda ziyorat turizmi rivojiga katta hissa qo’shishi, O‘zbekistonga ziyorat maqsadida kelayotgan turistlar sonini oshirishi shubhasiz.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash