Muloqotimiz samimiy ruhda kechdi
22 Feb, 2023 - 11:20
518
Axborot va matbuot xizmati
Tarixiy va madaniy mushtaraklik, urf-odatlarning yaqinligi va o‘xshashligi, samimiy do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Prezidentimizning ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi bilan muhim ahamiyatga egadir.
Tashrif doirasida biz Misr Arab Respublikasi madaniyat vaziri Nevin Yusuf Muhammad Al-Kilaniy bilan uchrashib, o‘zaro aloqalarning kelgusidagi rivojlanish bosqichlari xususida muloqot qildik.
Shuningdek, sohaga yangi g‘oya va innovatsiyalar olib kirish, xalqaro miqyosdagi festival va anjumanlarda o‘zaro ishtirokni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr-mulohaza almashdik hamda takliflarimizni bildirdik.
Muloqot chog‘ida milliy maqom sanʼatini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish yuzasidan hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib oldik. Fursatdan foydalanib, Nevin Yusuf MuhammadAl-Kilaniyni joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga taklif qildik.
Ushbu muzokara samimiy ruhda va har ikki tomon uchun samarali kechdi.
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat va turizm vaziri