“Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

21 Feb, 2023 - 10:47
502
“Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Axborot va matbuot xizmati

Joriy yilning 13 fevral kuni Qo‘mitada “Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi T.Krastev boshchiligidagi delegasiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda do‘stlik jamiyati raisi T.Krastev, shuningdek, «Feniks–75» MCHJ asoschisi va direktori J.Dragnev va “O‘zbekiston-Bolgariya” do‘stlik jamiyati raisi o‘rinbosari Dmitriy Lemlar ishtirok etishdi.

Bolgariya delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi Qo‘mita tashabbusi asosida tashkil etilib, undan maqsad do‘stlik jamiyati ko‘magida, O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy va turizm sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat edi.

Uchrashuvda Qo‘mita raisi maslahatchisi Z.Axmedov bugungi kunda O‘zbekistonning millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash borasida olib borayotgan ishlari, xususan O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi madaniy–gumanitar, turizm
va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, oxirgi yillarda tobora rivojlanib borayotgan O‘zbekiston-Bolgariya munosabatlari muhokama qilinib, 2022 yilda ikki davlat delegasiya almashunuvlari buning yaqqol misoli ekanligiga e’tibor qaratildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda do‘stlik jamiyatlari faol harakat olib borayotganligiga urg‘u berildi.
O‘rnatilgan aloqalarni yuqori pog‘onalarga ko‘tarish, ikki davlat o‘rtasida madaniyat, turizm va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish hamda O‘zbekistonning tarixiy obidalari, shaharlari, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, turizm sohasidagi salohiyat va investisiyaviy imkoniyatlar borasida bolgariyalik hamkorlarga kerakli ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida Sofiya shahrida O‘zbekistonning madaniy axborot markazini ochish taklifi bildirildi.

Taklif bolgariyalik mehmonlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinib, T.Krastev shuningdek bugungi kunda Bolgariyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni oshib borayotganligini nazarda tutib, madaniy axborot markazining ochilishi ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta’kidladi. Qolaversa, Sofiya shahri meriyasi bilan yaqin aloqada ekanligini inobatga olib, markaz ochish bo‘yicha tashkiliy ishlarni tezlashtirishini va natijasi bo‘yicha yaqin kunlarda Qo‘mitaga ma’lum qilishini bildirdi.

Shu bilan birga, T.Krastev ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini, xususan shaharlararo birodarlik aloqalarni kuchaytirish katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, Toshkent-Sofiya va Buxoro-Varna shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatishni hamda ikki davlat orasida turizmni rivojlantirish uchun ushbu shaharlar o‘rtasida charter aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Shuningdek, T.Krastev O‘zbekistonda bolgar madaniy markazi faoliyatini qayta tiklashni taklif etib, markaz faoliyati bolgariya tomonidan qo‘llab-quvvatlashini, jumladan markazga bolgar milliy liboslarini taqdim etish, folklor raqs va kuylarni o‘rgatish bo‘yicha mutaxassis yuborish va bolgar adabiyotlaridan namunalar taqdim etish yuzasidan beg‘araz amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat, turizm, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, kabi sohalarning imkoniyatlari va rivoji yuzasidan fikr almashildi. Ko‘p tarmoqli aloqalarni yanada rivojlantirish uchun, Qo‘mita Bolgariya delegasiyasining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan uchrashuvlarini tashkil etishda yaqindan yordam ko‘rsatdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash