O‘zbekiston Polsha bilan madaniyat va turizm sohasida hamkorlikni kuchaytiradi
19 Feb, 2023 - 09:06
458
Axborot va matbuot xizmati
Polshaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Radoslav Gruk bilan uchrashdik.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, joriy yilning kuzida Urganch shahrida tug‘ilgan Polsha xalq artisti Anna German xotirasiga bag‘ishlangan konsert dasturini yuqori saviyada o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar almashdik.
Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish doirasida madaniyat va sanʼat sohasida nou-xau loyihalarni amalga oshirish, madaniyat muassasalariga zamonaviy marketing tizimini kiritish hamda madaniy xizmat ko‘rsatishni yana-da rivojlantirish loyihalariga Polsha investorlarini jalb qilish yuzasidan takliflarni ilgari surdik.
Shuningdek, madaniyat, sanʼat va turizm yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik yoshlarning bakalavr, magistr va doktorantura bosqichlarida tahsil olishlari uchun Polsha stipendiya dasturlari, taʼlim grantlari ajratish masalalari ham muzokara markazida bo‘ldi.
Darvoqe, uchrashuv davomida 2023-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro festivallarda Polsha vakillari ishtirokini taʼminlash borasidagi muhim jihatlarni ham belgilab oldik.
Elchi janoblari bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida esa mavjud madaniyat va turizm oliy o‘quv yurtlari, xalqaro festivallar to‘g‘risida o‘zaro maʼlumot almashishga kelishib olindi.
Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat va turizm vaziri