USTOZNI EZOZLАGАN АSLO KАM BOʼLMАYDI

27 Sep, 2021 - 17:27
767
USTOZNI EZOZLАGАN АSLO KАM BOʼLMАYDI

Mukofotlash to`g`risida

Bugun Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari pedagog-xodimlari uchun 1 oktabr – “Oʼqituvchilar va murabbiylar kuni” munosabati bilan Oʼzbek milliy akademik drama teatrida bayram tadbiri tashkil etildi.


Unda bugungi kunda Madaniyat vazirligi tizimida yoshlarga taʼlim-tarbiya va olingan bilimlarni amaliy jarayonlar orqali mustahkamlashda oʼz hissasini qoʼshib kelayotgan oʼqituvchi-pedagoglar ishtirok etdi.


Tadbirda soʼzga chiqqan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ustoz-murabbiylarning mashaqqatli va sharafli mehnatlari xususida toʼxtalar ekan, jumladan shunday dedi:

—Tarixdan maʼlumki, ustozlarni aziz va mukarram deb bilgan har bir jamiyat yuksalgan. Haqiqat shundaki, har bir insonning kattayu-kichik muvaffaqiyatlari ortida albatta ustozlar turadi. Buning yaqqol misoli sifatida oʼz hayotim, mehnat faoliyatimni koʼrsatishim mumkin. Ilm oʼrganish maqsadida ustozimning etagidan mahkam tutdim. Sabr va sadoqat bilan oʼz maqsadim tomon intilib, bu yoʼlda ustozimning har bir oʼgitiga amal qildim.Ustozlarimning koʼmaklari ila oʼz sevgan kasbim va koʼzlagan maqsadlarimga erishdim. Аytmoqchimanki, ustozga ehtirom koʼrsatgan inson yuksalsa, yuksaladiki, aslo kam boʼlmaydi!” 


Tadbir davomida Madaniyat vazirligining vazirlik tizimidagi taʼlim maskanlarida faoliyat yuritib kelayotgan professor-oʼqituvchilarning 25 nafariga “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʼkrak nishoni, 21 nafariga “Faxriy yorliq”, 114 nafariga “Tashakkurnoma”lar hamda barcha ishtirokchilarga qimmatbaho sovgʼalar topshirildi. 


Tadbir yakunida ustozlar uchun “Jaloliddin Manguberdi” spektakli namoyish etildi. 
Tadbirdan soʼng ustozlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash