Ko‘zi ojizlar kutubxonasi imkoniyatlar tenglashgan maskan bo‘lishi kerak

15 Feb, 2023 - 11:21
818
Ko‘zi ojizlar kutubxonasi imkoniyatlar tenglashgan maskan bo‘lishi kerak

Axborot va matbuot xizmati

Samarqand viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasi xodimlari bilan uchrashdik. Muloqot davomida bugungi kunda imkoniyati cheklangan va sog‘lom kitobxonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasidagi muammolar, erishilgan yutuqlar, faoliyatdagi xato va kamchiliklarni tanqidiy-tahliliy muhokama qildik. 

Shuningdek, 2023 yilda ko‘rishda nuqsoni bor kitobxonlar uchun audio kitoblar tayyorlash, shuningdek, aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda yangi kreativ yondashuv qilish, xodimlar malakasini oshirish, kutubxonada turizm yo‘nalishini joriy etish va bunda milliy madaniyatimiz, tarixiy obidalar haqida bukletlar, qo‘llanmalar tayyorlab, kitobxonlarga taqdim etish kabi masalalar yuzasidan zaruriy taklif va tavsiyalarimizni berdik. 

Bundan tashqari, kutubxona rahbari va xodimlari vazirlikning 2023 yildagi kutubxona siyosati bo‘yicha rejasi bilan tanishib, kelgusidagi muhim vazifalarni ham belgilab olishdi. 

Yig‘ilish yakunida esa o‘z vazifasiga sustkashlik bilan yondashgan kutubxona direktoriga “hayfsan” intizomiy chorasi ko‘rildi.

 Ta’kidlash lozimki, kutubxona ma’rifat o‘chog‘i, yoshlar bu maskanda maktabda, oliygohda olgan bilimlarini mustahkamlashsa, mutolaa shaydolari kutubxonadan badiiy zavq oladilar. Tabiiyki, imkoniyati cheklangan kitobxonlarimizga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning bilimlarini mustahkamlash va badiiy zavqlanishlari uchun zarur xizmatlar taqdim etish, bir so‘z bilan aytganda ko‘zi ojizlar kutubxonalarini imkoniyatlar tenglashgan bir maskanga aylantirish zimmamizdagi asosiy vazifalardan biridir.

O‘ylaymizki, kutubxona xodimlari bugungi muloqotdan tegishli xulosa chiqarib, belgilangan vazifalar ijrosiga kirishadilar.

Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat va turizm vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash